Муҳаммад Али ас-Собуний: Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам хотинлари кўплиги атрофидаги беҳуда гаплар

Муҳаммад Али ас-Собуний: Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам хотинлари кўплиги атрофидаги беҳуда гаплар

Mazkur risolada Payg`ambarimizning sollallohu alayhi va sallam ko`p xotin olishlarining sabablari aqliy va naqliy dalillar bilan tushuntirilgan. Dushmanlarning ta`na va behuda gaplariga, ko`pxotinlik borasidagi bo`lmag`ur shubhalarga raddiyalar berilgan. Shuningdek, risolada Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam xotinlari to`g`risida ma`lumotlar keltirilgan. Risola arab tilida bo`lib, Makkai mukarramada 1980 yilda (56-bet) nashr qilingan.

Bismillahir rohmanir rohiym

Allohga hamdu sano aytamiz, yaratganlarining eng safolisi bo`lgan sayyidimiz Muhammadga hamda uning oilalari, sahobalari va ularga ergashganlarga qiyomat kunigacha ehson bo`ladigan salom va rahmatlar aytamiz. Shundan keyin (Mazkur risola ma`ruza o`laroq tayyorlanib, hijriy 1390 yili zulhijja oyining ilk kunida Makkai mukarramadagi Islom olami robitasi qarorgohida mutaxassislar guruhiga o`qib eshittirilgan.):

Sizlarga Alloh taolodan bo`ladigan muborak, pokiza tabrik o`laroq islom salomini yetkazib qolaman. Alloh taolodan esa qalblarimizni o`zining muhabbati, rozichiligi ustiga jam qilmog`ini so`rab qolaman. Bizlarga tavfiq va ixlosni hamda so`z va amalda to`g`rilikni nasib aylasin. Bizlarga imon kamolotini, ishonch sadoqatini rizq qilib bersin. Zotan, U duolarni ijobat qiluvchi, eshituvchidir!

Ey, fazilatli birodarlar!

Kun o`rtasidagi yorqin, charog`on quyoshga nazar solganmisizlar?! Uni hech qanday parda yopa olmaydi, hech qanday bulut yoki tuman to`sa olmaydi. Agar inson uning nurini o`chirmoqchi bo`lsa yoxud ko`zlardan uning ziyosini to`smoqchi bo`lsa-chi?! U og`zi bilan unga puflasa yoki etagini unga qarata yoyib, yopishga urinsa, nurni ketkaza oladimi yo uning ziyosini to`sa oladimi?! Yo`q… yo`q.

Biz sizga ushbu mukarram oqshomda gapirib bermoqchi bo`lgan quyoshimiz ham xuddi shundaydir!

Muhtaram azizlar! Biz sizlarga osmon quyoshi haqida gapirmoqchi emasmiz, balki yerdagi quyosh haqida gapirmoqchimiz.

Kuydiruvchi quyosh haqida ham gapirmoqchi emasmiz, charaqlab chiquvchi quyoshdan so`zlamoqchimiz. Bu quyoshni bilasizmi?!

Bu nubuvvat quyoshidir, risolat quyoshidir, hidoyat va irfon quyoshidir. U juda charog`on ziyo, porlovchi nur, nurafshon chiroqdir. Alloh u sababli hayot baxtsizliklarini har tarafga sochib-yo`qotib tashladi, odamlarni zulmatlardan nurga olib chiqdi. U muhammadiy zot – mukarram nabiyning zotidir! Unga eng afzal rahmatu salomlar bo`lsin! Alloh bunday deganida haq edi:

“Ular Allohning nurini (islomni) og`izlari (behuda gaplari) bilan o`chirmoqchi bo`lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa-da, O`z nurini (dinini) kamolga yetkazuvchidir. U o`z payg`ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar yoqtirmasa-da, barcha dinlar uzra g`olib qilish uchun yuborgan zotdir” (Saf surasi, 8-9 oyatlar).

Bu oqshomdagi bizning gapimiz ushbu yerning quyoshi haqida bo`lib, u haqida “Qur`oni karim”da bunday ajoyib, to`la tavsif bilan gapirib o`tilgan: “Ey, Payg`ambar! Darhaqiqat, Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh bo`luvchi, (jannat haqida) xushxabar beruvchi va (do`zax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik. Allohning izni bilan (Sizni) Unga (Uning diniga) da`vat qiluvchi va (yo`l ko`rsatuvchi) nurli chiroq qilib ham (yubordik)” (Ahzob surasi, 45-46 oyatlar). “Nurli chiroq” nubuvvat quyoshidan o`zga narsa emas, uning ziyosi va ko`rkamligi charaqlab turaveradi, o`zining yorqin nuri ila koinotga chiqaveradi. Uni faqat basirat sohiblarigini ko`ra oladi, ko`r va g`ilaylargina inkor qiladi. Buni aytgan kimsaga ofarinlar bo`lsin:

Izzat samosida quyoshimiz bo`lgan charog`on,

G`ilaylarning ko`rligi zarar qilolmas hech on!

Islom dushmanlari qadimdan beri islom payg`ambari to`g`risida shak-shubhalar, uning payg`ambarligi borasida ta`nalar, karomati haqida bo`yoqlar kiritib keldilar. Mo«minlar o`z dinlarida shak-shubhaga tushishlari uchun, odamlarni Payg`ambarning sollallohu alayhi va sallam risolatiga imon keltirishdan uzoq bo`lishlari uchun yolg`onlar va behuda gaplarni yoyib keldilar. Nabiylar va mursallar haqidagi bu kabi bo`hton, tuhmat va adashtiruvchi gaplarni eshitishimiz ajablanarli emas. Bu Allohning o`z xalqi orasidagi odati bo`lib, Allohning odatini o`zgartiruvchi topa olmaysiz. Alloh bunday deganida haq edi:

“Biz har bir payg`ambar uchun jinoyatchi kimsalardan mana shunday dushman(lar) qilganmiz. Rabbingizning O`zi yetarli rahnamo va yordamchidir!” (Furqon surasi, 31-oyat).

Mo«minlarning pokiza onalari, ularga uylanishning hikmati haqida gapirishdan oldin noto`g`ri shubhani rad qilishimizni yaxshi ko`rdik. Uning ta`siri nafrat bilan qarovchi salbchilar va mutaassib g`arbliklardan iborat dushmanlarning ko`pchiligiga yoyilgan. Aqidalarni buzishga uringanlari, haqiqatlarni o`chirganlari uchun , buyuk risolat sohibi Muhammad ibn Abdullohga yetishish uchun ko`pchilik ularga raddiyalar berdilar. Allohning rahmatlari va salomlari ul zotga bo`lsin!

Muhammad shahvotga berilgan bir inson … o`zining shahvati va lazzatlari orqasidan yugiradi, nafsi havosi bilan birga yuradi. O`ziga ergashganlarga vojib qilgani kabi uning o`zi bitta yoki to`rtta xotin bilan kifoyalanmagan, balki xotinlarni ko`paytirgan. Shahvatiga ergashib, nafsi havosiga mayl qilib, o`nta xotinga yoki undan ham ko`prog`iga uylangan”.

Ular yana bunday deydi:

“Iso bilan Muhammad orasida katta farq bor. Nafsi havosiga g`olib bo`lgan va nafsi bilan kurashadigan Iso ibn Maryamga o`xshagan bilan nafsi havosi bilan birga chopaligan, shahvatlari ortidan yuradigan Muhammadga o`xshaganning orasida farq bor”: “Og`izlaridan chiquvchi (bu) so`z og`irdir. (Ular) faqat yolg`onni so`zlayaptilar” (Kahf surasi, 5-oyat).

Darhaqiqat, ular yomon ko`ruvchi, yolg`onchidirlar. Muhammad alayhissalotu vassalom shahvoniy kimsa emas, faqat u insoniy payg`ambardir, xolos. Bashariyat uylangani kabi ularga to`g`ri yo`lni ko`rsatib, rahnamo bo`lishi uchun uylandilar. U nasroniylar o`z payg`ambarlari borasida ehtiqod qilganlari kabi iloh ham emas, ilohning o`g`li ham emas. Faqat u bashariyat kabi insondir. Alloh uni vahiy va risolat sababli ulardan ortiq qildi: “Darhaqiqat, men ham sizlar kabi bir bashardirman. Menga vahiy qilingan, xolos …” (Kahf surasi, 110-oyat; Fussilat surasi, 6-oyat).

Allohning rahmati va salomi bo`lgan bu zot payg`ambarlarning sunnatlariga muxolif bo`ladigan, yo`llarini buzib tashlaydigan bid`atchi bo`lmadi. “Qur`on” hikoya qilganidek, Alloh jalla va `alo so`zidagi kabi mukarram payg`ambarlar: “Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko`p) payg`ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz” (Ra`d surasi, 38-oyat).

Payg`ambarlarning oxirgisi bo`lmish alayhissalotu vassalom haqlaridagi ushbu kuchli ahmaqona bo`htonning to`lib-toshganining sababi ma`lum. Lekin aytuvchi bunday degan:

Ko`z og`riqdan quyosh nurin inkor qilur,

Og`iz kasalligidan suv ta`min inkor qilur.

Alloh bunday deganida haq edi: “Zero, ko`zlar ko`r bo`lmas, balki ko`kraklardagi qalblar ko`r bo`lur” (Haj surasi, 46-oyat).

Ey, fazilatli birodarlar!

Bu yerda mukarram payg`ambardan shubhani daf qiladigan ikkita asosiy nuqta bor. Ular har bir gunohkor ig`vogarning og`ziga tosh tiqadi. Risolat sohibi bo`lgan Muhammad ibn Abdullohga yetishishni istaganlar bu ikki narsadan g`ofil qolishmasliklari lozim. Biz bu ikkovini mo«minlarning onalari to`g`risida, ularning pokiza ko`pxotin bo`lganlari haqida gapirganimizda ko`z oldimizda tutamiz. Alloh ularning hammasidan rozi bo`lsin!

Bu ikki nuqta quyidagicha:

Avvalo, mukarram Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam xotinlarini faqat qarilik yoshiga yetganlaridan keyingina, ya`ni umri ellikdan o`tganidan so`ng ko`paytirgan edilar.

Ikkinchidan, sayyida Oysha raziyallohu anhodan o`zga pokiza xotinlarining hammasi beva kampir edilar. U bokira edi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uylangan xotinlari orasida ugina yoshgina, bokira holatida edi.

Ushbu ikki nuqtadan bu tuhmatga va hasadchi mustashriqlar yopishtirgan da`voning puchligiga nisbatan juda oddiy va arzimas javob topamiz.

Agar uylanishdan shahvat ortidan yurish yoki nafsi havosi bilan sayr etish yoxud faqat xotinlardan lazzat hosil qilish maqsadi bo`lsa edi, u qarilik chog`ida emas, balki yigitlik yoshida uylangan bo`lardi, yoshi ulug` kampirlarga emas, balki yoshgina bokiralarga uylangan bo`lardi. U Jobir ibn Abdulloh (r.a.) ularning oldiga kelgan vaqtda. bunday degan vaqtlarida yuzlaridan ochilish va ne`mat asari sezilgan zot edi:

– Bokiragami yoki bevagami?

– Nimaga bokiraga uylanmading? Axir uni o`ynarding, u seni o`ynagan bo`lardi, u bilan kulisharding, u senga kulib qaragan bo`lardi.

Mukarram Payg`ambar unga bokiraga uylanishni ishora qildilar. U zot alayhissalom lazzat olish tariqasini, shahvat yo`lini bilardilar. Biroq, uning bokiralarni tark qilib, bevalarga, yana yoshlik yillarini qo`yib, qarilik chog`larida uylanishlari aqllilikdan edimi?! Boz ustiga, maqsadi lazzat olish va shahvatparastlik bo`lsa!

Sahobalar, Alloh ulardan rozi bo`lsin, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchun qonlari va jonlarini fido qilardilar. Agar uylanishni talab qilsalar, ulardan hech biri ul zot xohlagan chiroyli, bokira qizlarga uylantirib qo`yishni aslo kechiktirmas edilar. Unda nimaga navqiron yoshligida, yigitlik bahorida xotinlarini ko`paytirmadilar? Nima uchun bokiralarga uylanishni tark qilib, juvonlarga uylandilar?

Albatta mana shu har bir gap-so`zni va tuhmatni daf qila oladi, har bir shubha va bo`htonga qarshi chiqa oladi, payg`ambarning muqaddasligini haqoratlamoqchi bo`lgan yoki pokiza zotlarning quloqlarini qizitishni xohlagan har bir gunohkor tuhmatchiga raddiya bo`la oladi. Payg`ambarning uylanishlari nafsi havosi yoki shahvatining qasdi emasdi. Albatta bu buyuk hukm, asil g`oya, bebaho nishon uchun bo`lgandi. Uning asilligiga va buyukligiga agar ko`r-ko`rona taassubni tark qilsalar, dushmanlar ham iqror bo`ladilar, aql va vijdon mantig`iga hukm qilardilar. Ushbu uylanish borasida mukarram, fazilatli inson va rahmli nabiy-u rasulda oliy misol topardilar. Boshqalar maslahati yo`lida hamda da`vat va islom maslahati yo`lida yurib, o`z vujudlarini rohatlantirgan bo`lardi.

Ey, fazilatli birodarlar!

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning ko`pxotinliklaridagi hikmat ko`p va turli-tumandir. Ularni quyidagicha xulosalash mumkin bo`ladi:

Birinchi, ta`limiy hikmat;

Ikkinchi, qonuniy hikmat;

Uchinchi, ijtimoiy hikmat;

To`rtinchi, siyosiy hikmat.

Ushbu to`rtta hikmatning har biri haqida qisqacha to`xtalamiz, so`ngra mo«minlarning pokiza onalari borasidagi gapga o`tamiz. Ulardan har birining turmushga chiqish hikmatlarini mustaqil ravishda aytib o`tamiz. Allohdan bu borada yordam so`raymiz.

AVVALO, TA`LIMIY HIKMAT:

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning xotinlari ko`pligidagi asosiy maqsad ayollardan bir qancha muallimalar chiqarish edi. Ular shar`iy ahkomlardan ta`lim berishlari kerak edi. Zotan, ayollar ijtimoiy tengdirlar: erkaklarga farz qilingan shar`iy takliflar ularga ham farz qilingan.

Ayollardan ko`pchiligi Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamdan ba`zi shar`iy ishlarni, xususan o`zlariga taalluqli bo`lgan hayz, nifos, janobat, xotinlik ishlari va boshqa hukmlarni so`rashdan uyalardilar. Mukarram Payg`ambardan shunga o`xshash masalalarni so`rashni istagan vaqtda ayolda hayo yanada g`olib bo`lib qolardi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xilqatida ham mukammal hayo bor edi. Chunonchi, hadis kitoblarida uning hayosi chodirida o`tirga kelinchakning hayosidan ham kuchliroq bo`lgani rivoyat qilingan. Shu jihatdan ul zot alayhissalotu vassalom ayollar tarafidan arz qilingan har bir savolga to`liq va ochiq javob berishga qodir emasdilar. Ayrim holatlarda esa kinoya bilan javob qaytarardilar. Bu vaqtlarda ayollar ul zot alayhissalomning kinoyalaridagi maqsadlarini tushunmay qolishardi.

Sayyida Oysha raziyallohu anho rivoyat qilishicha, ansorlardan bo`lgan bir xotin Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamdan hayz ko`rgan ayolning g`usli borasida so`radi. Ul zot sollallohu alayhi va sallam unga qanday g`usl qilish kerakligini o`rgatdilar. So`ngra unga dedilar: “Xushbo`ylangan parcha olasan!”, ya`ni bu bilan atir asari bor paxtadan bir parchasini nazarda tutdilar. “So`ng, u bilan poklanasan!” dedilar. O`sha xotin: “Men qanday poklanaman?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “U bilan poklanasan-da!” dedilar. Shunda yana o`sha xotin: “Ey, Rasululloh! U bilan qanday poklanaman?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunda dedilar: “Subhonalloh! (Ajabo!) U bilan poklangin-da!”.

Sayyida Oysha (r.a.) aytadi: “Uning qo`lidan tortib va “Shu-shu joyingga paxtani qo`yasan hamda qon izini tekshirasan!” dedim”. Sayyida Oysha (r.a.) unga paxtani qo`yish joyini ochiqjoydin aytib bergan.

Payg`ambar salavotullohi alayhi bu tarzda oshkora aytishdan hayo qilganlar. Bunga o`xshagan nafsiga va hayosiga g`olib bo`lgan, o`zlariga kerak narsalar to`g`risida Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamdan savol qilishga jur`at qila oladigan ayollar juda ozchilikni tashkil qilardi.

Buning uchun, masalan, ikki sahih to`plam (Buxoriy va Muslim)da rivoyat qilingan Ummu Salama (r.a.) hadisini olib ko`ramiz. Unda bunday deyilgan:

Abu Talhaning xotini Ummu Sulaym Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi-da, unga: “Ey, Rasululloh! Alloh haqdan uyalmaydi… xotin kishiga ehtilom bo`lgan vaqtida g`usl lozimmi?” dedi. Shunda Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam: “Ha, agar suvni ko`radigan bo`lsa, lozim” dedilar. Ummu salama (r.a.): “Xotinlarni sharmanda qilding-ku! Axir xotinlar ham ehtilom bo`ladilarmi?” deb qoldi. Mukarram Payg`ambar o`z gapi bilan javob qaytardilar: “Ha, albatta bo`ladi. Bola xotinga shuning uchun o`xshamaydimi?!”.

Payg`ambar alayhissalomning murodi shuki, bola erkak va ayolning birgalikdagi suvidan tug`iladi. Shuning uchun gohida bola onasiga o`xshab ketadigan bo`ladi. Bu Alloh taoloning aytganidekdir:

“Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko`ruvchi qilib qo`ydik” (Inson surasi, 2-oyat).

Oyatda kelgan “amshoj” aralashmalarga aytiladi, “mashj” bir narsani boshqasiga aralashtirilgan aralashma narsadir. Ibn Abbos (r.a.): “Bundan maqsad erkak bilan ayolning suvi qachon to`planib, aralashgan bo`lsadir” degan.

Ana shunday qiyinchilik tug`diradigan savollarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam pokiza xotinlaridan so`ng javob berishlari osonlashdi. Shuning uchun ham Sayyida Oysha (r.a.) bunday degandi: “Ansor xotinlarini Alloh rahm qilsin, chunki ularni dinda olim bo`lishdan hayo man qilolmadi”.

Ayrim xotinlar zim-ziyo tunlarda Sayyida Oysha (r.a.) oldiga ba`zi diniy ishlardan – hayzu nifos, janobat va boshqa ahkomlardan so`rash uchun kelardilar. Ular uchun Payg`ambarning xotinlari eng yaxshi muallima va boshqaruvchi bo`ldilar. Ularning uslublari ila xotinlar Allohning dinida olim bo`ldilar.

So`ngra, ma`lumki, pokiza sunnat faqatgina Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning gaplariga taalluqli emas. Balki, ul zotning gaplari, ishlari va ruxsatlarini ham qamrab oladi. Bularning hammasi qonuniy tarzda ummatga ergashishni vojib qiladi. Ul zotning uy ichidagi xabarlari va fe`llarini Alloh siylagan mana shu ayollargina yetkazganlar. Ana o`shalar mo«minlarning onalari va dunyo-yu oxiratda mukarram Payg`ambarning zavjalaridirlar!

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ozoda ayollari, Alloh ulardan rozi bo`lsin, ul zotning uydagi jami ahvollari va fe`l-atvorlarini naql qilishda eng katta fazilat sohibalaridir. Bu ayollarning ba`zisi ul zot alayhissalomning yo`lllarini naql qiladigan muallimalar va muhaddisalar bo`lib yetishdilar, o`zlarining zehnlari, yuksak qobiliyatlari va zakovatlarining quvvati ila shuhrat qozondilar.

IKKINChI, QONUNIY HIKMAT:

Hozir Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning ko`pxotinliklarining hikmatidan bir bo`lagi bo`lmish qonuniy hikmat haqida gapirmoqchimiz. Bu hikmat ham har qanday oddiy insonga ma`lum: u johiliyatning ayrim inkor qilingan odatlarining puchligini isbotlaydi. Misol tariqasida arablarning islomdan oldingi “bola olib saqlash” bid`atini qilishlarini keltirishimiz mumkin. Ular orasida bu an`anaviy din bo`lib qolgan edi. Ulardan birovi o`z pushtidan bo`lmagan bolani o`g`il qilib olardi va uni pushtidan bo`lgan bola o`rnida tutardi. Uni jami holatlarda – merosda, taloqda, to`y qilishda, qarindoshlik mahramligida, nikoh mahramligida va bundan boshqa tanilgan narsalarda bolalari hukmida haqiqiy bola sifatida tutardi. Bu johiliyatdagi taqlidona, rasmiy tus olgan din edi. Ulardan birovi boshqa birovining bolasini o`g`il qilib olar va “Sen mening bolamsan, senga meros qoldiraman, sen esa menga meros qoldirasan!” derdi.

Islom ularning botil ishlarini iqror ham qilmadi, jaholat qarong`uliklarida yo`ldan ozgan holdi qoldirishni ham istamadi. Bunga bir narsa asos bo`ldi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolalardan bittasini o`g`il qilib olishga ilhom qilindi. Bu payg`ambarlik yuborilishidan oldin bo`lgandi. Ul zot alayhissalom Zayd ibn Horisani islomdan oldingi arablarning odatiga ko`ra o`g`il qilib oldi. O`g`il qilib olish sabab to`g`risida qissalarning eng ajoyibi, hikmatlarning eng go`zali mavjud. Uni mufassirlar va siyrat tarixchilari zikr qilganlar. Hozir vaqtimiz ziqligi bois uni zikr qilish imkoniyati yo`q. Xullas, mukarram Payg`ambar Zayd ibn Horisani o`g`il qilib olganlar. Shu kundan boshlab odamlar uni Zayd ibn Muhammad deb chaqira boshlaganlar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, u bunday degan: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xodimlari Zayd ibn Horisani biz faqat Zayd ibn Muhammad deb chaqirar edik. Bu “Qur`on”da “Ularni (asrandi farzandlarni) o`z otalari (ismi) bilan chaqiringiz! Shu Alloh nazdida adolatliroqdir” oyati (Ahzob surasi, 5-oyat) nozil bo`lguncha davom qildi. Shunda Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam: “Sen Shurohilning o`g`li Horisaning o`g`li Zaydsan!” dedilar”.

Payg`ambar alayhissalom uni ammasining qizi Zaynab binti Jahsh al-Asadiyyaga uylantirib qo`ydilar. U bilan birga zamondan bir muddat yashadi. Lekin, bu uzoqqa cho`zilmadi, oralaridagi aloqalar yomonlashdi. Ayol unga dag`al gaplar qilardi, o`zini undan sharafliroq deb bilardi. Chunki, Zayd Payg`ambarga o`g`il bo`lishidan oldin mamluk qul bo`lgandi, Zaynab esa hasab va nasab sohibasi edi.

Alloh iroda qilgan hikmat bo`lgani uchun Zayd Zaynabni taloq qildi. Shunda o`g`il qilib olish bid`atini puchga chiqarish, islom asoslarini barpo qilish va johiliyatning qoidalaridan chiqib kelish uchun Alloh o`z payg`ambariga unga uylanishni buyurdi.

Lekin Payg`ambar alayhissalom munofiqlar va buzg`unchilarning bu borada gap-so`z qiladigan tillaridan qo`rqib turardilar. Ular Muhammad o`z o`g`lining xotiniga uylandi, deyishardi. Shuning uchun kechga surgan edi, hatto Payg`ambar alayhissalomga Alloh jalla va `aloning so`zi bilan qattiq malomat nozil qilindi: “(Ey, Muhammad!) Eslang, Alloh va Siz (ne`matlarni) in`om etgan kishiga (Zayd ibn Horisaga): “Juftingni o`zingda saqla (taloq qilishga shoshma)! Allohdan qo`rqqin!”, — deb, Alloh oshkor qiluvchi bo`lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo`rqishga haqliroq bo`lgan holingizda, Siz odamlardan (ta`nalaridan) qo`rqqan edingiz. Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo`minlarga asrandi bolalari o`z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo`lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).

Shunday qilib o`g`il asrab olishning hukmi nihoyasiga yetdi. Johiliyat davrida odat bo`lib qolgan ana shuday odat puchga chiqdi. Taqlidiy din bo`lgani uchun yo`qotishdan chetga chiqilmadi: Alloh taolo ushbu yangi ilohiy qonunni ta`kidlagan holda nozil qildi: “Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg`ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir” (Ahzob surasi, 40-oyat).

Mana shu uylanishlik Alloh taoloning amri ila bo`lgan edi. unda Allohning ba`zi dushmanlaridan uydurmachi, tuhmatchilar aytganlaridek nafsu havo hamda shahvat balosi bo`lmagan. Unda oqilona maqsad, sharofatli g`oya bo`lgan. U johiliyat odatlarini botilga chiqarishdir. Ushbu uylanishning maqsadi haqida Alloh azza va jallaning o`zi ochiq aytib qo`ygan: “Toki mo`minlarga asrandi bolalari o`z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo`lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).

Imom Buxoriy o`z sanadi bilan rivoyat qilishicha, Zaynab raziyallohu anho Payg`ambar solllallohu alayhi va sallamning ayollariga bunday deb faxrlanar edi: “Sizlarning oilalaringiz turmushga bergan, meni esa yetti osmon ustidan Alloh turmushga uzatgan!”.

Xullas, ushbu turmush qonuniy-shar`iy va hikmatli, hamma narsani biluvchining amri bilan bo`lgan. Uning hikmatining daqiqligiga, aqllarni-da, fahmlarni-da qamrab ololganligiga qoyil! Alloh to`g`ri aytgan: “Sizlarga esa oz ilm berilgandir” (Isro surasi, 85-oyat).

UChINChI, IJTIMOIY HIKMAT:

Uchinchisi ijtimoiy hikmatga keladigan bo`lsak, bu narsa Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning birinchi vaziri Abu Bakr Siddiqi akbar raziyallohu anhuning qiziga, so`ng esa ikkinchi vaziri Umar al-Foruq raziyallohu anhuning qiziga uylanganini keltirish bilan ravshan bo`ladi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurayshliklarga qarindoshlik va nasab bilan ham yanada yaqinlashdilar, ulardan bir nechasiga uylandilar. Bu urug` va qabilalar orasida mustahkam robita bog`ladilar. Natijada qalblar ul zotning atrofida do`st bo`ldilar, uning da`vati atrofida ishonch, hurmat va izzatda uchrashdilar.

Payg`ambar salovotullohi alayhi o`ziga odamlar ichida eng sevimlisi bo`lgan, oldida qadri eng yuksagi bo`lgan kimsaning qizi – Siddiqa Oyshaga uylandilar. Uning Abu Bakr Siddiq ekanini bilasiz, u odamlar orasida islomga eng birinchi kirgan, Allohning dini nusrat topishi yo`lida nafsi, joni va molini ayamagan, rasulini himoya qilgan, islom yo`lida yetgan ozor va zarblarni ko`targan zotdir. Hatto, Imom Termiziy rivoyat qilganidek, Payg`ambar alayhissalom Abu Bakrning fazilatiga ishora qilib, bunday degandilar: “Bizning oldimizda hech kimning qo`li Abu Bakrning qo`lichalik kifoya qilgan emas. Zotan, bizning oldimizda turgan uning qo`liga Alloh taolo qiyomat kunida mukofot bergusidir… Hech kimning moli Abu Bakrning moli foyda berganchalik foyda bermagan. Men kimga islomni arz qilsam, u taraddudlanib qolardi. Faqat Abu Bakr unday qilmadi, taraddudlanib o`tirmadi. Agar men o`zimga xalil do`st oladigan bo`lsam, Abu Bakrni do`st qilib olardim. Biroq, sizning sohibingiz Alloh taoloning do`stidir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Abu Bakr uchun dunyoda uning qiziga uylanishdan kattaroq ko`zlar iqror bo`ladigan mukofot topa olmadi. Ular orasida quda-andachilik va qarindoshlik rishtalari bog`landi, ikkovining bir-birlariga bo`lgan sadoqatlari, mustahkam aloqalari ziyoda bo`ldi.

Payg`ambar salovotullohi alayhi Hazrati Umarning qizi Sayyida Hafsaga uylanganlari ham xuddi shunday bo`ldi. Otasi Umarning islomga kirishi, uning sadoqati, ixlosi, ushbu din yo`lidagi fidoliklari ko`zlarga quvonch bo`lgan edi. Umar – u islomning qahramonidir! U sababli Alloh islomni va musulmonlarni aziz qilgan, din mash`alasini baland ko`targan. Payg`ambar alayhissalom unga qudachilik yo`li ila yaqinlashuvi uning islom yo`lida ko`rsatgan xizmatlariga munosib eng yaxshi mukofot bo`ldi. Ul zot sollallohu alayhi va sallam shon-sharafda u bilan birinchi vaziri Abu Bakr orasini mana shu qudachilik bilan barobar qilgandi. Ikkovining qiziga uylanishlari bu ikki zot uchun eng buyuk sharaf, balki eng ulug` mukofot va minnatdorlik ramzi edi. bu dunyoda ushbu sharafdan ortiqroq mukofot berishning imkoniyati bo`lmaydi. Qanday ham ulug` siyosat! Muxlis-vafodorlarga naqadar ulug` vafo namunasi!

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shunday ikromni Usmon va Ali raziyallohu anhumoga o`zlarining qizlarini turmushga uzatib ko`rsatganlar… Mana shu to`rttasi sahobalar orasida eng ulug`laridirlar, ul zotdan keyin musulmonlikni yoyadigan, da`vatni barpo qiladigan xalifalardirlar. Bundan ham buyuk hikmat, bundan-da mukarram fikr bo`ladimi?!

TO`RTINChI, SIYoSIY HIKMAT:

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning ba`zi xotinlarga uylanishlari o`ziga qalblarni bog`lash, qabilalarni o`z atroflarida to`plash uchun edi. Ma`lumki, inson biror qabiladan yoki urug`dan qiz olsa, ular orasida qarindoshlik va quda-andachilik aloqalari paydo bo`ladi. Mana shunga tabiatan qaralganda, ularni o`sha insonga yordam berish, uni himoya qilishga da`vat qiladi. Bu borada biz bir qancha misollarni keltirishimiz mumkin. Ushbu ulaynishning orqasida turgan mukarram Payg`ambar nishon bo`lgan ulardagi hikmat shunda oydinlashadi.

Avvalo, Payg`ambar salovotullohi alayhi Bani Mustalaqning ulug`i al-Horisning qizi Sayyida Juvayriyaga uylanganlar. U o`z qavmi va qarindosh-urug`lari bilan birga asir tushib qolgandi. Asirlar qatoriga qo`shilib qolgandan keyin o`zining o`rniga biror narsani badal sifatida berishni xohlaydi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib, mol-mulkidan biror narsani iona tariqasida berishini aytadi. Shunda mukarram Payg`ambar uning tovonini qaytarib berishini va unga uylanishini taklif qiladi. Ayol buni qabul qildi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday qilib unga uylanadilar. Musulmonlar: “Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam qaynag`alari bizning qo`limidami?! (Ya`ni, ular asir bo`lib turibdimi?!)” deyishib, qo`llarida turgani jami asirlarni ozod qiladilar. Ushbu oliyjanoblik va yuksak munosabatni, ushbu mardligu muruvvatni ko`rgan Bani Mustalaqning hammasi musulmon bo`ldilar va Allohning diniga kirdilar, mo«minlar jumlasiga ayladilar.

Demak, Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam unga uylanishlari uning o`ziga ham, qavm-qarindoshlari va urug`lariga ham baraka bo`lgandi. Zotan, ularning musulmonlariga va ozod bo`lishlariga sabab bo`lgan. Juvayriyya qavmining eng barakotli ayoli bo`lib qoldi.

Imom Buxoriy o`z “Sahih”ida Oyshadan (r.a.) bir hadis chiqarganki, u bunday degan edi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Bani Mustalaqning xotinlariga yetganlarida, ulardan (o`lja sifatida) beshdan bir chiqarib oldilar. So`ng qolganini odamlar orasida taqsimladilar. O`shanda bir ot ikki ulush, bir kishi (asir) bitta ulush qilib berildi. Juvayriyya bint al-Horis Sobit ibn Qaysning ulushi bo`lib tushdi. U Payg`ambar oldiga kelib, “Ey, Rasululloh! Men o`z qavmining sayyidi bo`lgan Horisning qizi Juvayriyya bo`laman! Bilib turganingizdek, mening boshimga bu ish tushib qoldi. Sobit menga ozod bo`lib ketishim uchun to`qqiz uqiya (mablag`) yozdi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Senga undan ham yaxshiroq bo`lsinmi?” dedilar. “U nima ekan?” deb so`radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Shartnomangni sening nomingdan men ado qilib, senga uylansam-chi?!” dedilar. U: “Yaxshi, roziman, ey Rasululloh!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Unday bo`lsa, shunday qilganimiz bo`lsin!” dedilar. Bu xabar odamlarga tarqalib ketdi. Ular: “Rasulullohning qaynag`alarini o`g`irlandimi?” deyishib, qo`llarida bor Bani Mustalaq asirlarini ozod qilib yubordilar. Ozod bo`lganlar soni yuz xonadonga yetardi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`sha qavmning boshlig`ining qiziga uylanganlari sabab bo`ldi”.

2) Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam Sayyida Safiyya bint Huyay ibn Axtabga uylanishlari ham shunga o`xshash bo`ldi. U Xaybar jangida eri o`ldirilganidan keyin asir tushib qolgan edi. u musulmonlarning ba`ziga ulush sifatida tushdi. Fikrli va maslahatdon odamlar: “Bu Bani Qurayzaning sayyidasi bo`lsa, u faqat Rasulullohga sollallohu alayhi va sallam loyiq keladi” dedilar va mukarram Payg`ambarga bu ishni arz qildilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni chaqirdilar va unga ikki ishdan birini tanlash ixtiyorini berdilar:

1) U ozod qilinadi va Rasulullohga sollallohu alayhi va sallam turmushga chiqib, ul zotga zavja bo`ladi;

2) Uni ochiqlikka chiqariladi, u oilasiga ketaveradi.

Safiyyaning o`zi ozod bo`lishni va ul zotga zavja bo`lishni ixtiyor qildi. U Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam qadri buyukligi, ulug`ligi va muomalasi chiroyliligidan shunga rozi bo`lgan edi. U musulmon bo`ldi va uning musulmonligi sababli odamlardan bir qanchasi ham islomga kirdilar.

Rivoyat qilishlaricha, Safiyya (r.a.) Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam oldilariga kirganida, unga qarata Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otang menga nisbatan yahudiylar ichida eng ashaddiy dushman bo`lib o`tdi, hatto Allohning o`zi uni o`ldirdi….” degandilar. U: “Ey, Allohning elchisi! Alloh o`z kitobida: “(Qiyomat kunida) hech bir ko`taruvchi (gunohkor) o`zga (inson)ning yukini (gunohini) ko`tarmas…” (Fotir surasi, 18-oyat) degan-ku?!” dedi. Mukarram Payg`ambar unga dedilar: “O`zing tanla, islomni tanlasang, o`zim uchun seni saqlab qolaman. Agar yahudiylikni ixtiyor qilsang, seni ozod qilib yuboraman, qavmingga bori yetasan”. U: “Ey, Rasululloh! Men islomni yoqtirib qoldim, men sizni meni oilangizga taklif qilishingizdan avvalroq tasdiq qilganman. Yahudiylikka mening xohishim yo`q, vatanimda bolam ham, aka-ukam ham yo`q. Menga kufr va islomni tanlash ixtiyorini berdingiz. Ozodlik va qavmimga ketishdan ko`ra menga Alloh va uning rasuli sevimliroq!”, dedi. Shundan so`ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni o`zi uchun ushlab qoldilar.

3) Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam Sayyida Ummu Habiba – Ramla bint Abu Sufyonga uylanishlari ham shunga o`xshash edi. Bu vaqtda Abu Sufyon shikr bayrog`ini ko`taruvchisi va Rasulullohga sollallohu alayhi va sallam dushmanlarning eng ashaddiysi edi. uning qizi Makkada musulmon bo`lgan, so`ng o`z eri bilan birga dini sababli Habashistonga qochib ketgan edi. O`sha yerda eri vafot qildi. U bir o`zi yolg`iz qoldi, yordamchisi ham, mehrboni ham yo`q edi. uning ishini mukarram Payg`ambar bilganidan so`ng Habashiston podshohi – Najoshiyga maktub yo`llab, uni o`ziga uylab qo`yishni so`radilar. Najoshiy bu xabarni unga yetkazganida, u shunday xursand bo`ldiki, uning miqdorini faqat Alloh subhonahu biladi. Chunki, u otasi yoniga yoki qavmu qarindoshlari oldiga qaytadigan bo`lsa, ular uni kufr keltirish va murtad bo`lishga zo`rlar edilar yoki uni qattiq azoblardilar. Uning uchun nafis hadiyalar bilan birga to`rt yuz dinor qalin berildi. Madinai munavvarga qaytganida, Payg`ambar Mustafo alayhissalotu vassalom unga uylangan edilar.

Xabar Abu Sufyonga yetib kelganida, ushbu nikohga rozi ekanini bildirdi va “Bu erkakning burni ushlanmasin!” dedi. U Payg`ambar bilan faxrlangan va uning qiziga yetngligini inkor qilmagandi. Bu Alloh taolo uni islomga hidoyat qilguncha javom qildi.

Shu yerda bizga Payg`ambar alayhissalomning Abu Sufyonning qiziga uylanishlaridagi buyuk hikmat ma`lum bo`ladi. Bu uylanish o`zidan va musulmon sahobalardan ozorni yengillatish istagi edi. Xususan, nasab va qarindoshlik oralarida paydo bo`lganidan keyin bu narsa yaqqol sezildi. Chunki, Abu Sufyon bu vaqtda Rasulullohga xusumat qilishda Bani Umayyaning eng ashaddiysi, ul zotga va musulmonlarga eng qattiq dushman edi. Ul zot uning qiziga uylanishlari qalbining yumshashiga, qavmi va urug`ining qalbi moyil bo`lishga sabab bo`ldi. Chunonchi, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam ham Ummu Habibani o`ziga tanlaganlari uning imonlariga bo`lgan ikrom edi. Chunki, u o`z diyoridan dini uchun qochib chiqqandi. Demak, bu qanday ham siyosiy ikrom bo`ldi, naqadar yaxshi hikmat bo`ldi!

Payg`ambarning ko`p xotin olishlarining hikmati borasida gapirar ekanmiz, hozirda mo«minlarning pokiza onalari haqida gapirib o`tamiz. Alloh taolo ulardan rozi bo`lsin. Alloh o`z habibi Mustafo sollallohu alayhi va sallam uchun ularni tenlab bergan va ushbu ulug` sharaf – payg`ambarlar sayyidiga mansub bo`lish sharafi bilan siylagan. Alloh ularni xotinlarning eng tozasi qilib tanladi, ularga ehtirom ko`rsatish va ta`zim bajo aylash uchun ularni mo«minlarning onalari qildi. Bu Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam ularga uylanishlari sababidan edi. Ul zotning vafotlaridan keyin ham payg`ambarning hurmatidan shunday bo`lib qoldi. Chunonchi, aytuvchilarning eng sodiqrog`i (Alloh) bunday degan: “Payg`ambar mo`minlarga o`zlaridan ham haqliroqdir, uning xotinlari esa ularning onalaridir” (Ahzob surasi, 6-oyat).

Alloh yana bunday degan: “Sizlar uchun Allohning payg`ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz aslo mumkin emasdiryu Chunki, bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir” (Ahzob surasi, 53-oyat).

Alloma Qurtubiy o`zining “al-Jome` li-ahkom al-Qur`on” nomli kitobida bunday degan. Uning matni quyidagicha: “Alloh taolo payg`ambari sollallohu alayhi va sallamning xotinlarini mo«minlarning onalari qilib qo`yib sharafladi. Ya`ni, bu ularga ta`zim qilishning vojibligi, yaxshilik qilish va ulug`lash lozimligi, odamlarga ularni nikohlab olishning harom qilinganida ko`rinadi. Bu narsa Payg`ambarini ikrom qilish va ularni sharaflash bo`lib qoldi…”.

Mukarram Payg`ambar uylangan mo«minlarning onalarining soni o`n nafardan ortadi. Ularning nomlari quyidagichadir:

1. Sayyida Xadija bint Xuvaylid raziyallohu anho;

2. Sayyida Savda bint Zam`a raziyallohu anho;

3. Sayyida Oysha bint Abi Bakr as-Siddiq raziyallohu anho;

4. Sayyida Hafsa bint Umar raziyallohu anho;

5. Sayyida Zaynab bint Jahsh al-Asadiyya raziyallohu anho;

6. Sayyida Zaynab bint Xuzayma raziyallohu anho;

7. Sayyida Ummu Salama – Hind bint Abi Umayya al-Maxzumiyya raziyallohu anho;

8. Sayyida Ummu Habiba – Ramla bint Abi Sufyon raziyallohu anho;

9. Sayyida Maymuna bint al-Horis al-Hiloliyya raziyallohu anho;

10. Sayyida Juvayriyya bint al-Horis raziyallohu anho;

11. Sayyida Safiyya bint Huyyay bint Axtab raziyallohu anho.

1. Sayyida Xadija bint Xuvaylid

U Payg`ambar alayhissalomning avvalgi xotinlari edi. Mukarram Payg`ambar unga payg`ambar bo`lishlaridan avval – yigirma besh yoshlarida uylanganlar. Bu paytda u qirq yoshlaridagi beva bo`lgan.

U avvaliga Abu Hola ibn Zaroraning xotini edi. So`ng uni Abu Holadan Atiq ibn Oiz meros qilib oldi. Keyin unga, “al-Isoba”da keltirilganidek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ega chiqdilar. Rasululloh solavotulloh alayhi uning fikri to`g`riligi, zakovatining komilligi uchun uni tanlagan edilar. Bu uylanish hikmatli, muvaffaqiyatli turmush bo`lgan edi. Chunki, u aqlning aqlga uylanishi edi. Turmush qurish yo`lida ko`ndalang bo`ladigan ish – ikkovlari orasidagi yoshning farqi ham bilinmadi. Zotan, unda maqsad va shahvatni hosil qilish maqsadi bo`lmagan, u insoniy buyuk maqsad edi. Allohning rasuli bo`lmish Muhammadni Allohning o`zi risolat va da`vat qiyinchiliklarini ko`tarishga tayyorladi. Alloh taolo ul zot uchun ushbu taqvodor, pokiza, oqila, ziyrak ayolni da`vatni yetkazish va risolatni yoyishda bo`lib o`tadigan ishlarda yordam berishi uchun tanlab olgandi. U ayollar orasida birinchi imon keltirgan.

Uning aqlining quvvati va fikrining o`tkirligiga shohidlik beradigan narsa shuki, Payg`ambar alayhissalomga Jabroil kelgan vaqtda bo`lib o`tdi. U zoti sharif Hiro g`orida edi. U uylariga qaytar ekan, qalbi vahimadan qaltirar, uyga kira solib, “Meni o`rab qo`yinglar, meni o`rab qo`yinglar!” degan. Qaltiroq ketganidan so`ng, bo`lib o`tgan gapni Xadijaga aytib berdilar. Unga: “Men o`zimdan qo`rqib qoldim” dedilar. Unga Xadija: “Xursand bo`lavering! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon xor qilmaydi. Siz qarindoshlarga mehrbonlik qilasiz, to`g`riso`z va mehmondo`st insonsiz, mashaqqatlarni yengib o`tasiz, yo`qlikda kasbu kor qilgansiz, haqiqat tarafiga yordam berasiz…” degan. Bu ikki “Sahih” to`plamda keltirilgan hadisdir.

Payg`ambar yoshligining eng gullagan davrini Xadija bilan o`tkazdi, uning ustiga xotin olmadi. Uni sevganchalik hech kimni sevgani ham yo`q. Keyinchalik Sayyida Oysha mana shundan rashk qilardi, holbuki, u Xadija bilan birga bo`lmagan, uni ko`rmagan edi. Hatto bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Xadijani esagan vaqtida bunday deyishga ham jur`at qilgandi: “O`tgan zamonda qolib ketgan bir kampirga shunchalikmi?! Axir, Alloh sizga undan ko`ra yaxshirog`ini bergan-ku!” deb, o`zini nazarda tutib aytgan edi. Bu gapdan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam g`azablandilar. “Yo`q! Allohga qasamki, Alloh undan ko`ra yaxshirog`iga almashtirgan emas! U odamlar kufr keltirganida menga imon keltirdi, odamlar meni yolg`onchiga chiqarganlarida, u meni to`g`riso`zsiz deb tasdiqladi. Odamlar meni mahrum qo`yganlarida, o`z moli bilan u meni quvvatladi. Alloh boshqa xotinlarim bilan emas, faqat u orqali meni farzand bilan siyladi”, dedilar. Oysha (r.a.) aytadilar: “Shundan so`ng uni hech qachon yomonlik bilan eslamadim”.

Ikki shayx (Buxoriy va Muslim) Oyshadan (r.a.) rivoyat qilishlaricha, u bunday degan: “Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning xotinlaridan hech kimni Xadijachalik rashk qilganim yo`q! Men uni ko`rmaganman, lekin Payg`ambar uni ko`p eslar edilar. Qo`y so`ysalar, undan Xadijaning dugonalariga yuborar edilar. Bir marta: “Dunyoda Xadijadan boshqa xotin yo`qmi?” deganimda, ul zot Xadija mana shunday, mana shunday edi, deb maqtadilar va undan mening farzandim bor, degandilar”.

Xadija (r.a.) payg`ambar bilan birga yigirma besh yil yashagan, shundan o`n beshi yili payg`ambarlikdan oldin, o`n yili keyin edi. Bu muddatda mukarram Payg`ambar uning ustiga xotin olmadilar. Ul zotning Ibrohimdan boshqa jami farzandlari undan bo`lgandi. U rozi bo`luvchi va rozi qilingan holda Allohning rahmatiga borganida Payg`ambarning sollallohu alayhi va sallam umrlari ellikka yetgandi. Ul zotning oldida undan boshqa ayol bo`lmagan, uning vafotidan keyingina biz zikr qilgan ayrim hukmlar bo`lgani bois xotinlarini ko`paytirganlar. Xadijadan Alloh taolo rozi bo`lsin va rozi qilsin, uning maskani va ma`vosini jannatdan qilsin!

2. Sayyida Savda bint Zam`a

Payg`ambar alayhissalom Xadija vafotidan keyin unga uylanganlar. U Sakron ibn Amr al-Ansoriyning bevasi edi. Unga uylanishning hikmati shundaki, uning yoshi Rasulullohdan sollallohu alayhi va sallam kattaroq bo`lgan. U muhojir mo«minalardan edi. Eri ikkinchi marta Habashiston hijratidan qaytganidan so`ng vafot etadi. Bitta o`zi qoladi, na bir suyanchig`i va na bir yordamchisi bor edi. Agar erining vafotidan so`ng qarindosh-urug`lariga qaytganida edi, uni shirkka majburlardilar, islomga qiziqib qolgani uchun unga qattiq azob berardilar. Uni kafolatga olishni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ixtiyor qildilar va unga uylandilar. Bu uning uchun nihoyat darajadagi yaxshilik va ikrom qilish bo`ldi, uning Alloh va rasuliga bo`lgan imoni va ixlosining to`g`ri bo`lishiga sabab bo`ldi.

Agar Payg`ambarning maqsadi, tuhmatchi sharqshunoslar o`ylaganidek, shahvat bo`lganida edi, uni umri ellik beshdan o`tgan qari bevaning o`rniga dirkillab turgan yosh bokiraga alishtirgan bo`lardi. Lekin Payg`ambar alayhissalom mardlikda, jasorat va muruvvatda eng oliy o`rnakdirlar! Uning maqsadi Savdani himoya qilish, kafolati ostida qolganida uning rioyasini qilish bo`lgan! Ul zotga rahmat va salomlar bo`lsin!

3. Sayyida Oysha bint Abu Bakr as-Siddiq

Payg`ambar alayhissalom unga bokira holida uylanganlar. U pokiza xotinlari orasida yolg`iz bo`lib, undan boshqa bokiraga uylanmaganlar. Oysha mo«minlar onalarining eng zakovatlisi, eng hofizasi o`tkiri bo`lgan. Ko`pgina erkaklardan bilimdonroq edi. Shuning uchun gohida sahobalardan ulug` olimlaridan ko`pchiligi undan o`zlariga mushkillik tug`dirgan hukmlardan ayrimlarini so`rardilar, u esa ularga hal qilib berardi.

Abu Muso al-Ash`ariy raziyallohu anhudan rivoyat qilinganki, u bunday degan: “Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam sahobalari bo`lmish bizlarga hadis borasida birorta mushkullik tug`diradigan bo`lsa, uni Oyshadan so`rardik. Uning oldida esa bu borada albatta biror ilm topardik”.

Abu-z-Zuho Masruqdan rivoyat qilib aytadi: “Rasulullohning yoshi ulug`, mashoyix bo`lgan sahobalarini oyshadan meros taqsimotiga oid masalalarni so`rayotganini ko`rganman”.

Urva ibn az-Zubayr aytadi: “Tibbiyot, fiqh va she`r borasida Oyshadan ko`ra bilimliroq ayolni ko`rmaganman”.

Bu borada hadis kitoblari uning o`tkir olimligiga guvohlik berishi ajablanarli emas. “Sahih” to`plamlarida ikki shaxsdan boshqa birorta erkak undan ko`proq hadis rivoyat qilgan emas. Bu ikki shaxs Abu Hurayra va Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo.

Payg`ambar alayhissalom Oyshani boshqa xotinlaridan ko`ra yaxshiroq ko`rardilar. Taqsimlashda esa ular orasida adolat qilardilar va “Ey, Allohim! Bu men egalik qilgan narsaning meni taqsimlashimdir, egalik qilmagan narsam (muhabbat)da meni malomat qilma!” derdilar.

“Tanlash” oyati nozil qilinganda, Oyshaning oldiga kelib, unga: “Senga bir ishni eslatib qo`ymoqchiman. Ota-onangga buyurguncha, shoshilib yurma!” dedilar. U esa: “Ma`lumki, otajonim menga ajralishni buyurmaydilar” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga ushbu oyatni qiroat qilib berdilar: “Ey, Payg`ambar! Xotinlaringizga ayting: “Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo`lsangiz, u holda kelingiz, men sizlarni (o`sha narsalar bilan) bahramand qilay va yaxshilab kuzatay (taloq qilay)” (Ahzob surasi, 28-oyat). U: “Bu borada ota-onamga aytaymi? Men Allohni, uning rasulini va oxirat joyini tanladim!” dedi. Payg`ambarning Abu Bakr Siddiq bilan qudachiligi eng ulug` minnatdorlik va ushbu dunyo hayotida unga mukofot bo`lgan edi. Chunonchi, bu turmush pokiza sunnatni, er-xotinlik fazilatlarini, shariati hukmlarini, xususan, xotinlarga taalluqli hukmlarni yoyish uchun go`zal vosita ham bo`lgan. Ta`limiy hikmat bayonida bularni bayon qilgan edik.

4. Sayyida Hafsa bint Umar

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam unga beva holida uylanganlar. Uning eri Xunays ibn Huzofa al-Ansoriy bo`lgan. U chiroyli sinovga yo`liqqanidan so`ng Badr jangida shahid bo`lgan. U botir qahramonlardan bo`lib, uning qhramonligi, mardligi va jangovarligi borasida tarix o`z sahifalarini bezagan.

Hafsani otasi Umar raziyallohu anhu xotini Payg`ambar alayhissalomning qizi Ruqiyya vafot qilganida Usmonga taklif qilgan. Keyinchalik Payg`ambar alayhissalom unga uylanganlar. Bu esa uning otasi Umar ibn al-Xattob uchun buyuk ikrom, minnatdorlik va ehson bo`ldi.

Imom Buxoriy Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilib, hadis chiqargan: Umar qizi Hafsaning eri Xunays ibn Huzofa Badrda – Madinada shahid bo`lganidan so`ng qizini uyiga keltirgan vaqtda, Usmonga uchrashdi va “Xohlasang, Hafsani senga nikohlab beraman” dedi. U: “Ishimni qarab ko`raman! (O`ylanib ko`ray!)” dedi va bir necha kunlar jimib ketdi hamda “Menga aniq bo`ldi, men uylanolmas ekanman” deb javob berdi. Umar aytadi: “Abu Bakrga: “Agar xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman” dedim u esa jim turdi-da, “Usmon mendan ko`ra unga munosibroq edi-ku!?” dedi. U ham bir necha kun jimib ketdi. Keyin unga Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam sovchi qo`ydilar, men uni ul zotga turmushga berdim. Abu Bakr menga yo`liqib qoldi, shunda u: “Sen menga Hafsani taklif qilganingda, unga javob bermaganim uchun biror narsalar deb o`ylab yurgan bo`lsang kerak?” dedi. Men unga “Ha!” deb javob berdim. U dedi: “Senga javob aytishim mumkin edi. Biroq, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam uni eslaganini bilib qolgan edim. Uning sirini oshkor qilganim yo`q. Agar tark qilsa, Hafsani qabul qilardim”.

Umarning fe`lida ko`rilgan bu ish haqiqiy mardlik edi, balki bu to`g`ri insoniylikdir. Alloh undan rozi bo`lsin va uni rozi qilsin!

U nomusini saqlashni xohlagan edi, qizini yaxshi inson bo`lmish tenggiga taklif qilishda o`zining qadrini yerga urishni ko`rgan emas. Zotan, ushbu turmush fazilatli jamoa uchun go`zal vosita edi. Bugungi kunda musulmonlarning jaholatidan islom hukmlari va uning oppoq jamoli qayda qoldi?! Qizlarini yuksak sarvatga ega, mol-dun si ko`p sovchi kelguncha qari qiz holda qo`yib qo`yaveradilar.

5. Sayyida Zaynab bint Xuzayma

Payg`ambar alayhissalom unga Hafsa bint Umardan keyin uylanganlar. U yetakchi qahramon, islom shahidi Ubayda ibn al-Horis ibn Abdulmuttalibning bevasi edi. Alloh undan rozi bo`lsin va uni rozi qilsin. U avvalgi kurash Badr jangida shahid bo`lgan. Eri shahid bo`lish asnosida o`zining burchini bajardi: uning jarohatlarini tozalab, bog`lashga kirishdi. Shunga mashg`ul bo`lar ekan, eri shahidlikka yuz tutdi. Alloh mushriklar bilan bo`lib o`tgan avvalgi kurashda mo«minlarga g`alabani yozdi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam uning sabrini, sabotini, harakatchanligini bildilar. Bu yerda qaytmasdanoq unga og`iz solishshga va o`z panohiga olishga uning xotirasining hurmati to`sdi. Nikoh g`alaba va yordam bilan qaytib kelganlaridan so`ng bo`lib o`tgan.

Fazilatli shayx Muhammad Mahmud as-Savvof o`zining “Payg`ambarning pokiza zavjalari” nomli risolasida Zaynabning eri shahid bo`lganligi va bu boradagi oliylik va ulug`lik borasida so`z yuritganidan so`ng bunday deb yozib qoldirgan: “Zaynabning umri Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam unga uylangan vaqtda oltmishga yetgan edi. Mukarram Payg`ambar bilan ikki yil ham yashamadi, Alloh uni rozi bo`lgan va rozi qilgan holdi vafot qildirdi. Ushbu sharofatli er-xotinlik borasida va buyuk g`oyasi haqida tuhmatchilarning fikri nima ekan?! Unda bo`htonchilarning bo`hton qilgan narsani topa oladilarmi?! Unda shahvat va nafsi havo ta`sirini topa oladilarmi?! Yoki bu buyuk insoniy payg`ambardan bo`lgan qahramonlik, iffat, ulug`lik, marhamat, fazilat va ehson emasmi?! Axir, u olamlarga rahmat bo`lib kelgan!

G`arazli maqsadga ega mustashriqlar Allohdan qo`rqsa bo`lardi, ilmiy omonatni ado qilib, unga xiyonat qilmasalar bo`lardi! Nihoyatda yo`l bilan sharqni o`rganmoqdalar, islomiy ilmlarni dars qilmoqdalar. Ayniqsa, insoniyatning sayyidi Muhammad alayhissalom borasida buzuq, makkorona va keskin yo`l tutdilar.

6. Sayyida Zaynab bint Jahsh

Payg`ambar alayhissalom unga beva holida uylangan edilar. U ammalarining qizi edi. unga Zayd ibn Horisa uylangan, keyin taloq qilgan edi. Shunda unga Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam hech bir zavjalariga uylanishda bo`lgan hikmatdan ko`ra ustunroq bir hikmat borligi uchun uylandilar. U, qonuniy-shar`iy hikmatni zikr qilgan vaqtda aytganimizdek, farzand qilib olish bid`atini bekor qilishdir.

Shu yerda ba`zi bir makkor mustashriqlardan iborat g`arazgo`ylarga va ularning xoin malaylariga, islom hamda islomning payg`ambariga adovat bilan qarovchilarga ma`qul keladigan narsa bor. Ular mukarram Payg`ambarning Zaynabga uylanishlari qissasidan bo`lmag`ur narsalarga o`ralgan pok, zakiy payg`ambarga ta`na va malomat topgandek bo`ladilar. Isroiliylar to`qigan rivoyatlar bunga sabab bo`lgan, ular ayrim tafsirlarda ham zikr qilingan.

Ularning o`ylashlari – naqadar yomon gumondir! Payg`ambar alayhissalotu vassalom Zayd uyida bo`lmagan paytda unikiga borganmishlar. Zaynabni ko`rib, yoqtirib qolgan, qalbidan joy olgan emish. “Ajabo, qalblarni o`zgartiruvchi zot O`zingsan, ilohim!” debdilar. Zaynab buni eshitib, erikelgan vaqtda unga voqeani aytib beribdi. Bilibdiki, Zaynab ul zotning qalbidan joy olibdi, shuning uchun Payg`ambar oldiga kelib, uni taloq qilishni istayotganini aytibdi. Pyag`ambar unga qalbida boshqa narsa bo`lsa-da, unga oilasi bilan birga bo`lishni buyurgan emish. Zayd esa shunday bo`lsa-da, Payg`ambar unga uylanishi uchun xotinini taloq qilgan emish.

Ibn al-Arabiy rahimahulloh o`z tafsiri “Ahkom al-Qur`on”da ushbu jinoyatona da`voni rad qilgan holda bunday degan: “Ularning “Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Zaynabni ko`rib, uning muhabbati qalbiga o`rnashdi” degan gaplari botildir. Chunki, doim va hamisha u bilan birga bo`lganlar, oralarida hijob ham bo`lmagan. Qanday qilib muhabbat o`sadi? Uni har lahzada ko`rib tursalar, qalbiga har muhabbat tushgan emas. Uning eri bo`lganda esa, uni o`zlari unga uylantirb qo`yganlar-ku! Avval bo`lmagan tuyg`u qanday qilib paydo bo`lib qoladi?! Bu pokiza qalb buzuq aloqalardan pokdir! Alloh u haqida aytadi: “Ko`zlaringizni Biz u (kofirlardan ayrim) toifalarni bahramand qilgan narsalarga (ularning boyliklariga) tikmang! Ularning (imonsizliklari) ustida g`amgin ham bo`lmang! Mo`minlar uchun qanotingizni quyi tuting (kamtar bo`ling!” (Hijr surasi, 88-oyat). Muallif yuqorida aytilgan to`qima rivoyatlarni birma-bir ko`rib chiqqan va ularning hammasining asli yo`q ekanini bayon qilgan.

Fazilatli birodarlar!

Zaynab tarixiga va uning Zaydga turmushga chiqishlari atrofidagi qissaga kengroq nazar solinsa, Zayd bilan Zaynabning orasidagi turmush yomon bo`lganligi imon keltiramiz. Ularning orasidagi kelishmovchilik ijtimoiy holatdagi ochiqdan-ochiq bo`ladigan kelishmovchilik edi. Zaynab oqsuyak, Zayd esa kechagi qul edi. Alloh uni imtihon qilib, Zaydga turmushga chiqarib, oldingi urug`chilik va johilona sharaf asosida buzushni xohlagan. Islom sharafni din va taqvoda qildi. Payg`ambar Zaynabni Zaydga turmushga chiqishini taklif qilganida, u o`z sharafi va nasabi sababli or-nomusi qo`zg`alib ketdi va bu turmushga unamadi. Biroq, Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi: “Alloh va Uning payg`ambari bir ishni hukm qilganda – hech bir mo`min va mo`minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo`lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg`ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo`ldan ozibdi” (Ahzob surasi, 36-oyat).

Zaynab Payg`ambar buyrug`iga bo`ysinishga majbur bo`ldi va Zaydga badanini topshirdi, ruhini topshirgani yo`q. Buning orqasida alam va sqilish bor edi.

Muhammad sollallohu alayhi va sallam Zaynabni bolaligidan bilar edilar. Chunki, u ammalarining qizi edi. Zaynabni olishdan kim man qilardi?! Inson qanday qilib birovga bokira qizni uylanishi uchun taqdim qila olardi? Keyn beva holida unga rag`bat qila olarmidi?!

Darhaqiqat, ular aqlini ishlatmaydigan qavmdirlar. Ular bilmagan narsalari borasida so`zlashni yotiradilar, Payg`ambar to`g`risida yolg`on va tuhmat, bo`hton va zalolat gaplarni aytadilar. Ularning bunday deyishlariga ham bir qarang: “Muhammad Zaynabga bo`lgan sevgisini yashirgani uchun malomat qilndi…”. bu bo`htonni aqlli kimsa aytadimi?! Qo`shnisining xotiniga nisbatan bo`lgan sevgisini oshkora qilmagani bois inson ham ayblanadimi?! Bu katta bo`htondan o`zing asra!

Oyati karimaning o`zida barcha ochiqliklari va jami ravshanliklari bilan bu haqida aytib o`tilgan. Oyati karimada zikr qilinishicha, Alloh Payg`ambari yashirgan narsani oshkor qiladi: “Alloh oshkor qiluvchi bo`lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz…” (Ahzob surasi, 37-oyat). Alloh taolo nimani oshkor qilmoqchi bo`lgan? Payg`ambarning Zaynabga bo`lgan sevgisi va ishqini oshkor qilmoqchimi? Yo`q, yo`q! Aslo, unday emas! Alloh taolo o`z payg`ambar alayhissalomning farzand tutish hukmini bekor qilish uchun unga uylanish kerakligi haqidagi Allohning amrini qilish lozimligini yashirib yurganini oshkor qilgan. Lekin, Payg`ambar alayhissalom munofiqlarning tilidan qo`qqan edi, ularning “Muhammad o`z o`g`lining xotiniga – keliniga uylandi” degan gap-so`zdan qo`rqqan. Mana shuni Boriy jalla va `alo ochiq aytib, Payg`ambar yashirgan narsani ko`rsatib bergan: “Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo`minlarga asrandi bolalari o`z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo`lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).

Ana shunday payg`ambarlarning sayyidi bo`lmish zotning ma`sumligi, uning tozaligi va pokligiga dalolat qiluvchi rad etib bo`lmaydigan dalillar va aniq-ravshan hujjatlar oldida yolg`onchi-tuhmatchilarning g`arazgo`y ig`vogarlar to`qib chiqargan gumonlari bekor bo`ladi.

7. Sayyida Ummu Salama Hind al-Maxzumiyya

Mukarram Payg`ambar Ummu Salamaga u Abdulloh ibn Abdulasadning bevasi holida uylanganlar. Uning eri islomga ilk kirganlardan edi va Habashistonga ham hijrat qilgan. Xotini u bilan birga dini sababli qochib chiqqan edi. o`sha asnoda u Salama degan o`g`il tug`gan. Uning eri Uhud jangida shahid ketdi. U esa to`rtta yetimi bilan boquvchisiz, yordamchisiz qolaverdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga uylanishdan o`zga ta`ziya, o`zi va bolalari uchun kafil ko`rganlari yo`q. Unga Payg`ambar alayhissalom sovchi qo`yganlarida, u uzr so`radi va “Men qari kampirman, yetimlarning onasiman, o`zim esa o`ta rashkchiman” dedi. Payg`ambar alayhissalom unga bunday deb javob yo`lladilar: “Etimlaringni o`zim quchog`imga olaman, Alloh qalbingdan rashkni ketkazishni so`rayman” dedilar va yoshlariga parvo ham qilmadilar. Payg`ambar alayhissalom Ummu Salama ko`nganlaridan keyin unga uylandilar va yetimlari tarbiyasiga kirishdilar. Ular uchun qalbini katta tutdilarki, otalar yo`qligini sezmadilar ham. Chunki, ularga o`z otalari o`rniga marhamatliroq otani almashtirilgan edi. Allohning rahmati va salomi ul zotga bo`lsin!

Mo«minlarning ushbu onasida ulug` nasab, mukarram uy, islomga ilk qirganlik jam bo`lgan edi. Uning yana boshqacha fazilati ham bor bo`lgan. U fikri o`tkir ayol edi. Bunga Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlar ishida g`am chekib, mahzun bo`lib turgan mahalda unga ishora qilganlarining o`zi kifoya qilsa kerak. Bu voqea Hudaybiya sulhida bo`lib o`tgan. Musulmonlar mushriklar bilan tuzilgan ushbu sulhdan nihoyat darajada ta`sirlangan edilar. Bo`lib o`tgan shartlarga binoan o`n yil davomida urushni tark qilishga kelishgandilar. Buyukliklari avjga chiqqan paytda musulmonlar o`z huquqlarida cheklanish bo`lganini ko`rgandilar. Bu tuyg`uning ta`siri shu bo`ldiki, ular Payg`ambar buyrug`ini ham bajarishga dangasalik qilib qoldilar. Ularga sochlarini oldirib yoki qisartirib, Madinai munavvarga qaytishga buyurgandilar. Ul zotning amriga hech kim kirishay demasdi. Payg`ambar alayhissalom zavjalari Ummu Salamaning oldiga kirganlarida, unga: “Odamlar halok bo`ldi, ulurga bir narsa buyursam, buysinay demayaptilar” dedilar. Ummu Salama (r.a.) ul zotga ishning osonini ko`rsatdilar: ul zotga ularning oldiga chiqib, ular oldida sochlarini olishga ishora qildi. Shunda ular ilojsiz ergashishlari aniq ekanini ham aytib o`tdi. Chunki, ular shundagina bu ish qat`iy ekanini, u borada ikkilanish mumkin emasligini biladilar, dedi. Xuddi shunday bo`ldi. Payg`ambar alayhissalom chiqib, sartaroshga sochini olib qo`yishni buyurdilar. Hatto sahobalar ul zotga ergashish borasida musobaqa qila boshladilar. Allohning rahmati ul zotga bo`lsin! Sahobalar sochlarini oldirib, ehromdan chiqa boshlaganlar. Bu mo«minlar onasi Ummu Salama raziyallohu anhoning maslahati bilan bo`lgan edi. Alloh uni rozi qilsin!

8. Sayyida Ummu Habiba Ramla bint Abi Sufyon

Hijratning yettinchi yilida mukarram Payg`ambar Sayyida Ummu Habiba raziyallohu anhoga uylanganlar. U Ubaydulloh ibn Jahshning bevasi bo`lgan, eri Habashiston o`lkasida vafot qilgan. uni Najoshiy Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam uchun nikohlagan va mahriga to`rt ming dirham bergan edi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga Shurahbil ibn Hasana bilan birga jo`natgandi. Payg`ambarning unga uylanishlarida mavjud bo`lgan hikmatni aytib o`tildi.

9. Sayyida Juvayriyya bint al-Horis

Mukarram Payg`ambar Bani Mustalaqning rahbari Sayyida Juvayriyya bint al-Horis ibn Zirorga uylanganlar. U Murayse` kunidagi jangda o`ldirilgan Musofe` ibn Safvonning bevasi bo`lgan. Bu ayol musulmonlar qo`liga asir tushgan. Eri esa islomning eng ashaddiy dushmanlaridan, Payg`ambarga xusumati eng ko`pi edi. mukarram Payg`ambarning unga uylanishlari borasidagi hikmatni oldinroq aytib o`tgan edik.

Shuningdek, Safiyya bint Huyay ibn Axtab haqidagi gap siyosiy hikmat haqidagi mavzuda o`tgan.

10. Sayyida Maymuna bint al-Horis al-Hiloliyya

Uning asli ismi Barra bo`lib, Payg`ambar alayhissalom uni Maymunaga o`zgartirganlar. U Payg`ambarning oxirgi zavjalaridir. Allohning salomi unga bo`lsin! U haqida Oysha (r.a.): “U bizlarning oramizda Allohga eng taqvodorrog`i, qarindoshlarga bardi-keldisi ko`prog`i edi”, degan. U Abu Rahm ibn Abduluzzoning bevasi bo`lgan. Aytishlaricha, Abbos raziyallohu anhu ham unga rag`bat bildirib, sovchi qo`ygan. Payg`ambarning unga uylanishlari ul zotga yordamlashgan va qo`llab-quvvatlaganlarga nisbatan yaxshilik, go`zal silai rahim, turmushini hurmat qilish bo`lgani maxfiy emas.

Muhtaram azizlar, bu Payg`ambarning pokiza zavjalari – mo«minlarning onalari haqidagi bir lavha, xolos. Ularni Alloh rasulining suhbati bilan ikrom qilgan, ularni mo«minlarning onalari aylagan. Alloh jalla va `alo o`z gapi bilan ularga bunday deb xitob qilgan: “Ey, Payg`ambar ayollari! Agar taqvodor bo`lsangiz, (o`zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsiz. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so`z qilmangiz, aks holda qalbida buzuqlik bo`lgan kimsa (sizdan) tama qilib qolur. Yaxshi (to`g`ri) so`zni so`zlangiz!” (Ahzob surasi, 32-oyat).

Payg`ambar alayhissalomning ularga uylanishlarida ko`pgina hikmatlar borki, ularga Payg`ambar alayhissalom diniy va shar`iy maslahat yuzasidan rivoya qilganlar. Qalblarni birlashtirishni qasd qilganlar, shuning natijasida unga qabilalarning kiborlari va urug`larning ulug`lari mahliyo bo`lib qoldilar. Payg`ambarning alayhissalom Sayyida Oyshadan boshqa barcha zavjalari bevadirlar. Payg`ambar xotinlarini musulmonlar bilan mushriklar orasida urushlar boshlangan yillarda – hijratdan so`ng ko`paytirganlar. Bu yillarda qatl va urishlar ko`p bo`lgan. Bu hijratning ikkinchi yilidan boshlab, to musulmonlarning g`alabasi to`liq bo`lgan sakkizinchi yilgacha davom qilgan. Har bir turmushdan bizga Payg`ambarning qahramonligi, uning mardligi, maqsadining buyukligi, ehsonining go`zalligi borasida aniq dalil ravshan bo`ladi. Yolg`onchi, tuhmatchilarning gaplari bunga qarshi. Agar Payg`ambarning qalbiga nafsi havo sultonlik qilganida edi, yoshlik ayyomida bokira qizlarga uylangan bo`lardilar. Lekin, ana o`sha g`arblik mustashriqlarning qalblari qop-qora hasadga to`lib ketganki, bu haqiqatning yorqin ziyosini ko`rishdan ularni ko`r qilib qo`ygan. Alloh to`g`ri gapirgan: “Yo`q, (Biz) Haq (Qur`on)ni botil (jaholat)ning ustiga tashlaymiz, bas, uni ezib yuborgach, bexos (botil) yo`q bo`lur. Sizlarga esa (ey, mushriklar! Allohning bunday) sifatlaganingiz sababli holingizga voy!” (Anbiyo surasi, 18-oyat).

Alloh taoloning yordami ila tamom bo`ldi. Oxirgi duoyimiz “Hamdu sanolar olamlar rabbisi Alloh uchundir!” degan gapimizdir!

Muhammad Ali as-Sobuniy

Makkai mukarrama. Shariat va islomiy darslar fakulteti.

Hamidulloh Beruniy tarjimasi

Мазкур рисолада Пайғамбаримизнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам кўп хотин олишларининг сабаблари ақлий ва нақлий далиллар билан тушунтирилган. Душманларнинг таъна ва беҳуда гапларига, кўпхотинлик борасидаги бўлмағур шубҳаларга раддиялар берилган. Шунингдек, рисолада Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам хотинлари тўғрисида маълумотлар келтирилган. Рисола араб тилида бўлиб, Маккаи мукаррамада 1980 йилда (56-бет) нашр қилинган.

Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм

Аллоҳга ҳамду сано айтамиз, яратганларининг энг сафолиси бўлган саййидимиз Муҳаммадга ҳамда унинг оилалари, саҳобалари ва уларга эргашганларга қиёмат кунигача эҳсон бўладиган салом ва раҳматлар айтамиз. Шундан кейин (Мазкур рисола маъруза ўлароқ тайёрланиб, ҳижрий 1390 йили зулҳижжа ойининг илк кунида Маккаи мукаррамадаги Ислом олами робитаси қароргоҳида мутахассислар гуруҳига ўқиб эшиттирилган.):

Сизларга Аллоҳ таолодан бўладиган муборак, покиза табрик ўлароқ ислом саломини етказиб қоламан. Аллоҳ таолодан эса қалбларимизни ўзининг муҳаббати, розичилиги устига жам қилмоғини сўраб қоламан. Бизларга тавфиқ ва ихлосни ҳамда сўз ва амалда тўғриликни насиб айласин. Бизларга имон камолотини, ишонч садоқатини ризқ қилиб берсин. Зотан, У дуоларни ижобат қилувчи, эшитувчидир!

Эй, фазилатли биродарлар!

Кун ўртасидаги ёрқин, чароғон қуёшга назар солганмисизлар?! Уни ҳеч қандай парда ёпа олмайди, ҳеч қандай булут ёки туман тўса олмайди. Агар инсон унинг нурини ўчирмоқчи бўлса ёхуд кўзлардан унинг зиёсини тўсмоқчи бўлса-чи?! У оғзи билан унга пуфласа ёки этагини унга қарата ёйиб, ёпишга уринса, нурни кетказа оладими ё унинг зиёсини тўса оладими?! Йўқ… йўқ.

Биз сизга ушбу мукаррам оқшомда гапириб бермоқчи бўлган қуёшимиз ҳам худди шундайдир!

Муҳтарам азизлар! Биз сизларга осмон қуёши ҳақида гапирмоқчи эмасмиз, балки ердаги қуёш ҳақида гапирмоқчимиз.

Куйдирувчи қуёш ҳақида ҳам гапирмоқчи эмасмиз, чарақлаб чиқувчи қуёшдан сўзламоқчимиз. Бу қуёшни биласизми?!

Бу нубувват қуёшидир, рисолат қуёшидир, ҳидоят ва ирфон қуёшидир. У жуда чароғон зиё, порловчи нур, нурафшон чироқдир. Аллоҳ у сабабли ҳаёт бахтсизликларини ҳар тарафга сочиб-йўқотиб ташлади, одамларни зулматлардан нурга олиб чиқди. У муҳаммадий зот – мукаррам набийнинг зотидир! Унга энг афзал раҳмату саломлар бўлсин! Аллоҳ бундай деганида ҳақ эди:

“Улар Аллоҳнинг нурини (исломни) оғизлари (беҳуда гаплари) билан ўчирмоқчи бўлурлар. Аллоҳ эса, гарчи кофирлар ёқтирмаса-да, Ўз нурини (динини) камолга етказувчидир. У ўз пайғамбарини ҳидоят ва ҳақ дин билан – гарчи мушриклар ёқтирмаса-да, барча динлар узра ғолиб қилиш учун юборган зотдир” (Саф сураси, 8-9 оятлар).

Бу оқшомдаги бизнинг гапимиз ушбу ернинг қуёши ҳақида бўлиб, у ҳақида “Қуръони карим”да бундай ажойиб, тўла тавсиф билан гапириб ўтилган: “Эй, Пайғамбар! Дарҳақиқат, Биз Сизни (қиёматда барча умматларга) гувоҳ бўлувчи, (жаннат ҳақида) хушхабар берувчи ва (дўзах азобидан) огоҳлантирувчи этиб юбордик. Аллоҳнинг изни билан (Сизни) Унга (Унинг динига) даъват қилувчи ва (йўл кўрсатувчи) нурли чироқ қилиб ҳам (юбордик)” (Аҳзоб сураси, 45-46 оятлар). “Нурли чироқ” нубувват қуёшидан ўзга нарса эмас, унинг зиёси ва кўркамлиги чарақлаб тураверади, ўзининг ёрқин нури ила коинотга чиқаверади. Уни фақат басират соҳибларигини кўра олади, кўр ва ғилайларгина инкор қилади. Буни айтган кимсага офаринлар бўлсин:

Иззат самосида қуёшимиз бўлган чароғон,

Ғилайларнинг кўрлиги зарар қилолмас ҳеч он!

Ислом душманлари қадимдан бери ислом пайғамбари тўғрисида шак-шубҳалар, унинг пайғамбарлиги борасида таъналар, каромати ҳақида бўёқлар киритиб келдилар. Мўъминлар ўз динларида шак-шубҳага тушишлари учун, одамларни Пайғамбарнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам рисолатига имон келтиришдан узоқ бўлишлари учун ёлғонлар ва беҳуда гапларни ёйиб келдилар. Набийлар ва мурсаллар ҳақидаги бу каби бўҳтон, туҳмат ва адаштирувчи гапларни эшитишимиз ажабланарли эмас. Бу Аллоҳнинг ўз халқи орасидаги одати бўлиб, Аллоҳнинг одатини ўзгартирувчи топа олмайсиз. Аллоҳ бундай деганида ҳақ эди:

“Биз ҳар бир пайғамбар учун жиноятчи кимсалардан мана шундай душман(лар) қилганмиз. Раббингизнинг Ўзи етарли раҳнамо ва ёрдамчидир!” (Фурқон сураси, 31-оят).

Мўъминларнинг покиза оналари, уларга уйланишнинг ҳикмати ҳақида гапиришдан олдин нотўғри шубҳани рад қилишимизни яхши кўрдик. Унинг таъсири нафрат билан қаровчи салбчилар ва мутаассиб ғарбликлардан иборат душманларнинг кўпчилигига ёйилган. Ақидаларни бузишга уринганлари, ҳақиқатларни ўчирганлари учун , буюк рисолат соҳиби Муҳаммад ибн Абдуллоҳга етишиш учун кўпчилик уларга раддиялар бердилар. Аллоҳнинг раҳматлари ва саломлари ул зотга бўлсин!

Муҳаммад шаҳвотга берилган бир инсон … ўзининг шаҳвати ва лаззатлари орқасидан югиради, нафси ҳавоси билан бирга юради. Ўзига эргашганларга вожиб қилгани каби унинг ўзи битта ёки тўртта хотин билан кифояланмаган, балки хотинларни кўпайтирган. Шаҳватига эргашиб, нафси ҳавосига майл қилиб, ўнта хотинга ёки ундан ҳам кўпроғига уйланган”.

Улар яна бундай дейди:

“Исо билан Муҳаммад орасида катта фарқ бор. Нафси ҳавосига ғолиб бўлган ва нафси билан курашадиган Исо ибн Марямга ўхшаган билан нафси ҳавоси билан бирга чопалиган, шаҳватлари ортидан юрадиган Муҳаммадга ўхшаганнинг орасида фарқ бор”: “Оғизларидан чиқувчи (бу) сўз оғирдир. (Улар) фақат ёлғонни сўзлаяптилар” (Каҳф сураси, 5-оят).

Дарҳақиқат, улар ёмон кўрувчи, ёлғончидирлар. Муҳаммад алайҳиссалоту вассалом шаҳвоний кимса эмас, фақат у инсоний пайғамбардир, холос. Башарият уйлангани каби уларга тўғри йўлни кўрсатиб, раҳнамо бўлиши учун уйландилар. У насронийлар ўз пайғамбарлари борасида эҳтиқод қилганлари каби илоҳ ҳам эмас, илоҳнинг ўғли ҳам эмас. Фақат у башарият каби инсондир. Аллоҳ уни ваҳий ва рисолат сабабли улардан ортиқ қилди: “Дарҳақиқат, мен ҳам сизлар каби бир башардирман. Менга ваҳий қилинган, холос …” (Каҳф сураси, 110-оят; Фуссилат сураси, 6-оят).

Аллоҳнинг раҳмати ва саломи бўлган бу зот пайғамбарларнинг суннатларига мухолиф бўладиган, йўлларини бузиб ташлайдиган бидъатчи бўлмади. “Қуръон” ҳикоя қилганидек, Аллоҳ жалла ва ъало сўзидаги каби мукаррам пайғамбарлар: “Дарҳақиқат, Сиздан илгари ҳам (кўп) пайғамбарлар юборганмиз ва уларга хотинлар ва зурриётлар берганмиз” (Раъд сураси, 38-оят).

Пайғамбарларнинг охиргиси бўлмиш алайҳиссалоту вассалом ҳақларидаги ушбу кучли аҳмақона бўҳтоннинг тўлиб-тошганининг сабаби маълум. Лекин айтувчи бундай деган:

Кўз оғриқдан қуёш нурин инкор қилур,

Оғиз касаллигидан сув таъмин инкор қилур.

Аллоҳ бундай деганида ҳақ эди: “Зеро, кўзлар кўр бўлмас, балки кўкраклардаги қалблар кўр бўлур” (Ҳаж сураси, 46-оят).

Эй, фазилатли биродарлар!

Бу ерда мукаррам пайғамбардан шубҳани даф қиладиган иккита асосий нуқта бор. Улар ҳар бир гуноҳкор иғвогарнинг оғзига тош тиқади. Рисолат соҳиби бўлган Муҳаммад ибн Абдуллоҳга етишишни истаганлар бу икки нарсадан ғофил қолишмасликлари лозим. Биз бу икковини мўъминларнинг оналари тўғрисида, уларнинг покиза кўпхотин бўлганлари ҳақида гапирганимизда кўз олдимизда тутамиз. Аллоҳ уларнинг ҳаммасидан рози бўлсин!

Бу икки нуқта қуйидагича:

Аввало, мукаррам Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам хотинларини фақат қарилик ёшига етганларидан кейингина, яъни умри элликдан ўтганидан сўнг кўпайтирган эдилар.

Иккинчидан, саййида Ойша разийаллоҳу анҳодан ўзга покиза хотинларининг ҳаммаси бева кампир эдилар. У бокира эди, холос. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам уйланган хотинлари орасида угина ёшгина, бокира ҳолатида эди.

Ушбу икки нуқтадан бу туҳматга ва ҳасадчи мусташриқлар ёпиштирган даъвонинг пучлигига нисбатан жуда оддий ва арзимас жавоб топамиз.

Агар уйланишдан шаҳват ортидан юриш ёки нафси ҳавоси билан сайр этиш ёхуд фақат хотинлардан лаззат ҳосил қилиш мақсади бўлса эди, у қарилик чоғида эмас, балки йигитлик ёшида уйланган бўларди, ёши улуғ кампирларга эмас, балки ёшгина бокираларга уйланган бўларди. У Жобир ибн Абдуллоҳ (р.а.) уларнинг олдига келган вақтда. бундай деган вақтларида юзларидан очилиш ва неъмат асари сезилган зот эди:

– Бокирагами ёки бевагами?

– Нимага бокирага уйланмадинг? Ахир уни ўйнардинг, у сени ўйнаган бўларди, у билан кулишардинг, у сенга кулиб қараган бўларди.

Мукаррам Пайғамбар унга бокирага уйланишни ишора қилдилар. У зот алайҳиссалом лаззат олиш тариқасини, шаҳват йўлини билардилар. Бироқ, унинг бокираларни тарк қилиб, беваларга, яна ёшлик йилларини қўйиб, қарилик чоғларида уйланишлари ақллиликдан эдими?! Боз устига, мақсади лаззат олиш ва шаҳватпарастлик бўлса!

Саҳобалар, Аллоҳ улардан рози бўлсин, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам учун қонлари ва жонларини фидо қилардилар. Агар уйланишни талаб қилсалар, улардан ҳеч бири ул зот хоҳлаган чиройли, бокира қизларга уйлантириб қўйишни асло кечиктирмас эдилар. Унда нимага навқирон ёшлигида, йигитлик баҳорида хотинларини кўпайтирмадилар? Нима учун бокираларга уйланишни тарк қилиб, жувонларга уйландилар?

Албатта мана шу ҳар бир гап-сўзни ва туҳматни даф қила олади, ҳар бир шубҳа ва бўҳтонга қарши чиқа олади, пайғамбарнинг муқаддаслигини ҳақоратламоқчи бўлган ёки покиза зотларнинг қулоқларини қизитишни хоҳлаган ҳар бир гуноҳкор туҳматчига раддия бўла олади. Пайғамбарнинг уйланишлари нафси ҳавоси ёки шаҳватининг қасди эмасди. Албатта бу буюк ҳукм, асил ғоя, бебаҳо нишон учун бўлганди. Унинг асиллигига ва буюклигига агар кўр-кўрона таассубни тарк қилсалар, душманлар ҳам иқрор бўладилар, ақл ва виждон мантиғига ҳукм қилардилар. Ушбу уйланиш борасида мукаррам, фазилатли инсон ва раҳмли набий-у расулда олий мисол топардилар. Бошқалар маслаҳати йўлида ҳамда даъват ва ислом маслаҳати йўлида юриб, ўз вужудларини роҳатлантирган бўларди.

Эй, фазилатли биродарлар!

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг кўпхотинликларидаги ҳикмат кўп ва турли-тумандир. Уларни қуйидагича хулосалаш мумкин бўлади:

Биринчи, таълимий ҳикмат;

Иккинчи, қонуний ҳикмат;

Учинчи, ижтимоий ҳикмат;

Тўртинчи, сиёсий ҳикмат.

Ушбу тўртта ҳикматнинг ҳар бири ҳақида қисқача тўхталамиз, сўнгра мўъминларнинг покиза оналари борасидаги гапга ўтамиз. Улардан ҳар бирининг турмушга чиқиш ҳикматларини мустақил равишда айтиб ўтамиз. Аллоҳдан бу борада ёрдам сўраймиз.

АВВАЛО, ТАЪЛИМИЙ ҲИКМАТ:

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг хотинлари кўплигидаги асосий мақсад аёллардан бир қанча муаллималар чиқариш эди. Улар шаръий аҳкомлардан таълим беришлари керак эди. Зотан, аёллар ижтимоий тенгдирлар: эркакларга фарз қилинган шаръий таклифлар уларга ҳам фарз қилинган.

Аёллардан кўпчилиги Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламдан баъзи шаръий ишларни, хусусан ўзларига тааллуқли бўлган ҳайз, нифос, жанобат, хотинлик ишлари ва бошқа ҳукмларни сўрашдан уялардилар. Мукаррам Пайғамбардан шунга ўхшаш масалаларни сўрашни истаган вақтда аёлда ҳаё янада ғолиб бўлиб қоларди.

Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг хилқатида ҳам мукаммал ҳаё бор эди. Чунончи, ҳадис китобларида унинг ҳаёси чодирида ўтирга келинчакнинг ҳаёсидан ҳам кучлироқ бўлгани ривоят қилинган. Шу жиҳатдан ул зот алайҳиссалоту вассалом аёллар тарафидан арз қилинган ҳар бир саволга тўлиқ ва очиқ жавоб беришга қодир эмасдилар. Айрим ҳолатларда эса киноя билан жавоб қайтарардилар. Бу вақтларда аёллар ул зот алайҳиссаломнинг кинояларидаги мақсадларини тушунмай қолишарди.

Саййида Ойша разийаллоҳу анҳо ривоят қилишича, ансорлардан бўлган бир хотин Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламдан ҳайз кўрган аёлнинг ғусли борасида сўради. Ул зот соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга қандай ғусл қилиш кераклигини ўргатдилар. Сўнгра унга дедилар: “Хушбўйланган парча оласан!”, яъни бу билан атир асари бор пахтадан бир парчасини назарда тутдилар. “Сўнг, у билан покланасан!” дедилар. Ўша хотин: “Мен қандай покланаман?” деди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “У билан покланасан-да!” дедилар. Шунда яна ўша хотин: “Эй, Расулуллоҳ! У билан қандай покланаман?” деди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам шунда дедилар: “Субҳоналлоҳ! (Ажабо!) У билан поклангин-да!”.

Саййида Ойша (р.а.) айтади: “Унинг қўлидан тортиб ва “Шу-шу жойингга пахтани қўясан ҳамда қон изини текширасан!” дедим”. Саййида Ойша (р.а.) унга пахтани қўйиш жойини очиқжойдин айтиб берган.

Пайғамбар салавотуллоҳи алайҳи бу тарзда ошкора айтишдан ҳаё қилганлар. Бунга ўхшаган нафсига ва ҳаёсига ғолиб бўлган, ўзларига керак нарсалар тўғрисида Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламдан савол қилишга журъат қила оладиган аёллар жуда озчиликни ташкил қиларди.

Бунинг учун, масалан, икки саҳиҳ тўплам (Бухорий ва Муслим)да ривоят қилинган Умму Салама (р.а.) ҳадисини олиб кўрамиз. Унда бундай дейилган:

Абу Талҳанинг хотини Умму Сулайм Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг олдиларига келди-да, унга: “Эй, Расулуллоҳ! Аллоҳ ҳақдан уялмайди… хотин кишига эҳтилом бўлган вақтида ғусл лозимми?” деди. Шунда Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Ҳа, агар сувни кўрадиган бўлса, лозим” дедилар. Умму салама (р.а.): “Хотинларни шарманда қилдинг-ку! Ахир хотинлар ҳам эҳтилом бўладиларми?” деб қолди. Мукаррам Пайғамбар ўз гапи билан жавоб қайтардилар: “Ҳа, албатта бўлади. Бола хотинга шунинг учун ўхшамайдими?!”.

Пайғамбар алайҳиссаломнинг муроди шуки, бола эркак ва аёлнинг биргаликдаги сувидан туғилади. Шунинг учун гоҳида бола онасига ўхшаб кетадиган бўлади. Бу Аллоҳ таолонинг айтганидекдир:

“Дарҳақиқат, Биз инсонни имтиҳон қилиб, (оталик ва оналик сувларидан) аралаш бир нутфадан яратдик. Бас, уни эшитувчи ва кўрувчи қилиб қўйдик” (Инсон сураси, 2-оят).

Оятда келган “амшож” аралашмаларга айтилади, “машж” бир нарсани бошқасига аралаштирилган аралашма нарсадир. Ибн Аббос (р.а.): “Бундан мақсад эркак билан аёлнинг суви қачон тўпланиб, аралашган бўлсадир” деган.

Ана шундай қийинчилик туғдирадиган саволларга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам покиза хотинларидан сўнг жавоб беришлари осонлашди. Шунинг учун ҳам Саййида Ойша (р.а.) бундай деганди: “Ансор хотинларини Аллоҳ раҳм қилсин, чунки уларни динда олим бўлишдан ҳаё ман қилолмади”.

Айрим хотинлар зим-зиё тунларда Саййида Ойша (р.а.) олдига баъзи диний ишлардан – ҳайзу нифос, жанобат ва бошқа аҳкомлардан сўраш учун келардилар. Улар учун Пайғамбарнинг хотинлари энг яхши муаллима ва бошқарувчи бўлдилар. Уларнинг услублари ила хотинлар Аллоҳнинг динида олим бўлдилар.

Сўнгра, маълумки, покиза суннат фақатгина Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг гапларига тааллуқли эмас. Балки, ул зотнинг гаплари, ишлари ва рухсатларини ҳам қамраб олади. Буларнинг ҳаммаси қонуний тарзда умматга эргашишни вожиб қилади. Ул зотнинг уй ичидаги хабарлари ва феълларини Аллоҳ сийлаган мана шу аёлларгина етказганлар. Ана ўшалар мўъминларнинг оналари ва дунё-ю охиратда мукаррам Пайғамбарнинг завжаларидирлар!

Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг озода аёллари, Аллоҳ улардан рози бўлсин, ул зотнинг уйдаги жами аҳволлари ва феъл-атворларини нақл қилишда энг катта фазилат соҳибаларидир. Бу аёлларнинг баъзиси ул зот алайҳиссаломнинг йўллларини нақл қиладиган муаллималар ва муҳаддисалар бўлиб етишдилар, ўзларининг зеҳнлари, юксак қобилиятлари ва заковатларининг қуввати ила шуҳрат қозондилар.

ИККИНЧИ, ҚОНУНИЙ ҲИКМАТ:

Ҳозир Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг кўпхотинликларининг ҳикматидан бир бўлаги бўлмиш қонуний ҳикмат ҳақида гапирмоқчимиз. Бу ҳикмат ҳам ҳар қандай оддий инсонга маълум: у жоҳилиятнинг айрим инкор қилинган одатларининг пучлигини исботлайди. Мисол тариқасида арабларнинг исломдан олдинги “бола олиб сақлаш” бидъатини қилишларини келтиришимиз мумкин. Улар орасида бу анъанавий дин бўлиб қолган эди. Улардан бирови ўз пуштидан бўлмаган болани ўғил қилиб оларди ва уни пуштидан бўлган бола ўрнида тутарди. Уни жами ҳолатларда – меросда, талоқда, тўй қилишда, қариндошлик маҳрамлигида, никоҳ маҳрамлигида ва бундан бошқа танилган нарсаларда болалари ҳукмида ҳақиқий бола сифатида тутарди. Бу жоҳилиятдаги тақлидона, расмий тус олган дин эди. Улардан бирови бошқа бировининг боласини ўғил қилиб олар ва “Сен менинг боламсан, сенга мерос қолдираман, сен эса менга мерос қолдирасан!” дерди.

Ислом уларнинг ботил ишларини иқрор ҳам қилмади, жаҳолат қаронғуликларида йўлдан озган ҳолди қолдиришни ҳам истамади. Бунга бир нарса асос бўлди: Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам болалардан биттасини ўғил қилиб олишга илҳом қилинди. Бу пайғамбарлик юборилишидан олдин бўлганди. Ул зот алайҳиссалом Зайд ибн Ҳорисани исломдан олдинги арабларнинг одатига кўра ўғил қилиб олди. Ўғил қилиб олиш сабаб тўғрисида қиссаларнинг энг ажойиби, ҳикматларнинг энг гўзали мавжуд. Уни муфассирлар ва сийрат тарихчилари зикр қилганлар. Ҳозир вақтимиз зиқлиги боис уни зикр қилиш имконияти йўқ. Хуллас, мукаррам Пайғамбар Зайд ибн Ҳорисани ўғил қилиб олганлар. Шу кундан бошлаб одамлар уни Зайд ибн Муҳаммад деб чақира бошлаганлар.

Имом Бухорий ва Имом Муслим Абдуллоҳ ибн Умар разийаллоҳу анҳудан ривоят қилишларича, у бундай деган: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг ходимлари Зайд ибн Ҳорисани биз фақат Зайд ибн Муҳаммад деб чақирар эдик. Бу “Қуръон”да “Уларни (асранди фарзандларни) ўз оталари (исми) билан чақирингиз! Шу Аллоҳ наздида адолатлироқдир” ояти (Аҳзоб сураси, 5-оят) нозил бўлгунча давом қилди. Шунда Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Сен Шуроҳилнинг ўғли Ҳорисанинг ўғли Зайдсан!” дедилар”.

Пайғамбар алайҳиссалом уни аммасининг қизи Зайнаб бинти Жаҳш ал-Асадиййага уйлантириб қўйдилар. У билан бирга замондан бир муддат яшади. Лекин, бу узоққа чўзилмади, ораларидаги алоқалар ёмонлашди. Аёл унга дағал гаплар қиларди, ўзини ундан шарафлироқ деб биларди. Чунки, Зайд Пайғамбарга ўғил бўлишидан олдин мамлук қул бўлганди, Зайнаб эса ҳасаб ва насаб соҳибаси эди.

Аллоҳ ирода қилган ҳикмат бўлгани учун Зайд Зайнабни талоқ қилди. Шунда ўғил қилиб олиш бидъатини пучга чиқариш, ислом асосларини барпо қилиш ва жоҳилиятнинг қоидаларидан чиқиб келиш учун Аллоҳ ўз пайғамбарига унга уйланишни буюрди.

Лекин Пайғамбар алайҳиссалом мунофиқлар ва бузғунчиларнинг бу борада гап-сўз қиладиган тилларидан қўрқиб турардилар. Улар Муҳаммад ўз ўғлининг хотинига уйланди, дейишарди. Шунинг учун кечга сурган эди, ҳатто Пайғамбар алайҳиссаломга Аллоҳ жалла ва ъалонинг сўзи билан қаттиқ маломат нозил қилинди: “(Эй, Муҳаммад!) Эсланг, Аллоҳ ва Сиз (неъматларни) инъом этган кишига (Зайд ибн Ҳорисага): “Жуфтингни ўзингда сақла (талоқ қилишга шошма)! Аллоҳдан қўрққин!”, — деб, Аллоҳ ошкор қилувчи бўлган нарсани ичингизда яширган эдингиз ва Аллоҳдан қўрқишга ҳақлироқ бўлган ҳолингизда, Сиз одамлардан (таъналаридан) қўрққан эдингиз. Бас, Зайд ундан (Зайнабдан) ҳожатини адо этгач (уни талоқ қилгач), Биз Сизни унга уйлантирдик. Токи мўминларга асранди болалари ўз хотинларидан ҳожатларини адо этишгач (талоқ қилишгач), уларга (уйланишларида) қийинчилик бўлмаслиги учун (шундай қилдик). Аллоҳнинг амри бажарилувчидир” (Аҳзоб сураси, 37-оят).

Шундай қилиб ўғил асраб олишнинг ҳукми ниҳоясига етди. Жоҳилият даврида одат бўлиб қолган ана шудай одат пучга чиқди. Тақлидий дин бўлгани учун йўқотишдан четга чиқилмади: Аллоҳ таоло ушбу янги илоҳий қонунни таъкидлаган ҳолда нозил қилди: “Муҳаммад сизларнинг эркакларингиздан бирортасига ота эмасдир, балки у Аллоҳнинг элчиси ва пайғамбарларнинг муҳридир. Аллоҳ барча нарсани билувчи зотдир” (Аҳзоб сураси, 40-оят).

Мана шу уйланишлик Аллоҳ таолонинг амри ила бўлган эди. унда Аллоҳнинг баъзи душманларидан уйдурмачи, туҳматчилар айтганларидек нафсу ҳаво ҳамда шаҳват балоси бўлмаган. Унда оқилона мақсад, шарофатли ғоя бўлган. У жоҳилият одатларини ботилга чиқаришдир. Ушбу уйланишнинг мақсади ҳақида Аллоҳ азза ва жалланинг ўзи очиқ айтиб қўйган: “Токи мўминларга асранди болалари ўз хотинларидан ҳожатларини адо этишгач (талоқ қилишгач), уларга (уйланишларида) қийинчилик бўлмаслиги учун (шундай қилдик). Аллоҳнинг амри бажарилувчидир” (Аҳзоб сураси, 37-оят).

Имом Бухорий ўз санади билан ривоят қилишича, Зайнаб разийаллоҳу анҳо Пайғамбар солллаллоҳу алайҳи ва салламнинг аёлларига бундай деб фахрланар эди: “Сизларнинг оилаларингиз турмушга берган, мени эса етти осмон устидан Аллоҳ турмушга узатган!”.

Хуллас, ушбу турмуш қонуний-шаръий ва ҳикматли, ҳамма нарсани билувчининг амри билан бўлган. Унинг ҳикматининг дақиқлигига, ақлларни-да, фаҳмларни-да қамраб ололганлигига қойил! Аллоҳ тўғри айтган: “Сизларга эса оз илм берилгандир” (Исро сураси, 85-оят).

УЧИНЧИ, ИЖТИМОИЙ ҲИКМАТ:

Учинчиси ижтимоий ҳикматга келадиган бўлсак, бу нарса Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг биринчи вазири Абу Бакр Сиддиқи акбар разийаллоҳу анҳунинг қизига, сўнг эса иккинчи вазири Умар ал-Форуқ разийаллоҳу анҳунинг қизига уйланганини келтириш билан равшан бўлади. Кейинчалик Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам қурайшликларга қариндошлик ва насаб билан ҳам янада яқинлашдилар, улардан бир нечасига уйландилар. Бу уруғ ва қабилалар орасида мустаҳкам робита боғладилар. Натижада қалблар ул зотнинг атрофида дўст бўлдилар, унинг даъвати атрофида ишонч, ҳурмат ва иззатда учрашдилар.

Пайғамбар саловотуллоҳи алайҳи ўзига одамлар ичида энг севимлиси бўлган, олдида қадри энг юксаги бўлган кимсанинг қизи – Сиддиқа Ойшага уйландилар. Унинг Абу Бакр Сиддиқ эканини биласиз, у одамлар орасида исломга энг биринчи кирган, Аллоҳнинг дини нусрат топиши йўлида нафси, жони ва молини аямаган, расулини ҳимоя қилган, ислом йўлида етган озор ва зарбларни кўтарган зотдир. Ҳатто, Имом Термизий ривоят қилганидек, Пайғамбар алайҳиссалом Абу Бакрнинг фазилатига ишора қилиб, бундай дегандилар: “Бизнинг олдимизда ҳеч кимнинг қўли Абу Бакрнинг қўличалик кифоя қилган эмас. Зотан, бизнинг олдимизда турган унинг қўлига Аллоҳ таоло қиёмат кунида мукофот бергусидир… Ҳеч кимнинг моли Абу Бакрнинг моли фойда берганчалик фойда бермаган. Мен кимга исломни арз қилсам, у тараддудланиб қоларди. Фақат Абу Бакр ундай қилмади, тараддудланиб ўтирмади. Агар мен ўзимга халил дўст оладиган бўлсам, Абу Бакрни дўст қилиб олардим. Бироқ, сизнинг соҳибингиз Аллоҳ таолонинг дўстидир” (Имом Термизий ривоят қилган).

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам Абу Бакр учун дунёда унинг қизига уйланишдан каттароқ кўзлар иқрор бўладиган мукофот топа олмади. Улар орасида қуда-андачилик ва қариндошлик ришталари боғланди, икковининг бир-бирларига бўлган садоқатлари, мустаҳкам алоқалари зиёда бўлди.

Пайғамбар саловотуллоҳи алайҳи Ҳазрати Умарнинг қизи Саййида Ҳафсага уйланганлари ҳам худди шундай бўлди. Отаси Умарнинг исломга кириши, унинг садоқати, ихлоси, ушбу дин йўлидаги фидоликлари кўзларга қувонч бўлган эди. Умар – у исломнинг қаҳрамонидир! У сабабли Аллоҳ исломни ва мусулмонларни азиз қилган, дин машъаласини баланд кўтарган. Пайғамбар алайҳиссалом унга қудачилик йўли ила яқинлашуви унинг ислом йўлида кўрсатган хизматларига муносиб энг яхши мукофот бўлди. Ул зот соллаллоҳу алайҳи ва саллам шон-шарафда у билан биринчи вазири Абу Бакр орасини мана шу қудачилик билан баробар қилганди. Икковининг қизига уйланишлари бу икки зот учун энг буюк шараф, балки энг улуғ мукофот ва миннатдорлик рамзи эди. бу дунёда ушбу шарафдан ортиқроқ мукофот беришнинг имконияти бўлмайди. Қандай ҳам улуғ сиёсат! Мухлис-вафодорларга нақадар улуғ вафо намунаси!

Шунингдек, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам мана шундай икромни Усмон ва Али разийаллоҳу анҳумога ўзларининг қизларини турмушга узатиб кўрсатганлар… Мана шу тўрттаси саҳобалар орасида энг улуғларидирлар, ул зотдан кейин мусулмонликни ёядиган, даъватни барпо қиладиган халифалардирлар. Бундан ҳам буюк ҳикмат, бундан-да мукаррам фикр бўладими?!

ТЎРТИНЧИ, СИЁСИЙ ҲИКМАТ:

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг баъзи хотинларга уйланишлари ўзига қалбларни боғлаш, қабилаларни ўз атрофларида тўплаш учун эди. Маълумки, инсон бирор қабиладан ёки уруғдан қиз олса, улар орасида қариндошлик ва қуда-андачилик алоқалари пайдо бўлади. Мана шунга табиатан қаралганда, уларни ўша инсонга ёрдам бериш, уни ҳимоя қилишга даъват қилади. Бу борада биз бир қанча мисолларни келтиришимиз мумкин. Ушбу улайнишнинг орқасида турган мукаррам Пайғамбар нишон бўлган улардаги ҳикмат шунда ойдинлашади.

Аввало, Пайғамбар саловотуллоҳи алайҳи Бани Мусталақнинг улуғи ал-Ҳориснинг қизи Саййида Жувайрийага уйланганлар. У ўз қавми ва қариндош-уруғлари билан бирга асир тушиб қолганди. Асирлар қаторига қўшилиб қолгандан кейин ўзининг ўрнига бирор нарсани бадал сифатида беришни хоҳлайди ва Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг олдиларига келиб, мол-мулкидан бирор нарсани иона тариқасида беришини айтади. Шунда мукаррам Пайғамбар унинг товонини қайтариб беришини ва унга уйланишини таклиф қилади. Аёл буни қабул қилди, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам шундай қилиб унга уйланадилар. Мусулмонлар: “Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам қайнағалари бизнинг қўлимидами?! (Яъни, улар асир бўлиб турибдими?!)” дейишиб, қўлларида тургани жами асирларни озод қиладилар. Ушбу олийжаноблик ва юксак муносабатни, ушбу мардлигу мурувватни кўрган Бани Мусталақнинг ҳаммаси мусулмон бўлдилар ва Аллоҳнинг динига кирдилар, мўъминлар жумласига айладилар.

Демак, Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга уйланишлари унинг ўзига ҳам, қавм-қариндошлари ва уруғларига ҳам барака бўлганди. Зотан, уларнинг мусулмонларига ва озод бўлишларига сабаб бўлган. Жувайриййа қавмининг энг баракотли аёли бўлиб қолди.

Имом Бухорий ўз “Саҳиҳ”ида Ойшадан (р.а.) бир ҳадис чиқарганки, у бундай деган эди: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам Бани Мусталақнинг хотинларига етганларида, улардан (ўлжа сифатида) бешдан бир чиқариб олдилар. Сўнг қолганини одамлар орасида тақсимладилар. Ўшанда бир от икки улуш, бир киши (асир) битта улуш қилиб берилди. Жувайриййа бинт ал-Ҳорис Собит ибн Қайснинг улуши бўлиб тушди. У Пайғамбар олдига келиб, “Эй, Расулуллоҳ! Мен ўз қавмининг саййиди бўлган Ҳориснинг қизи Жувайриййа бўламан! Билиб турганингиздек, менинг бошимга бу иш тушиб қолди. Собит менга озод бўлиб кетишим учун тўққиз уқия (маблағ) ёзди”, деди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Сенга ундан ҳам яхшироқ бўлсинми?” дедилар. “У нима экан?” деб сўради. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Шартномангни сенинг номингдан мен адо қилиб, сенга уйлансам-чи?!” дедилар. У: “Яхши, розиман, эй Расулуллоҳ!” деди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Ундай бўлса, шундай қилганимиз бўлсин!” дедилар. Бу хабар одамларга тарқалиб кетди. Улар: “Расулуллоҳнинг қайнағаларини ўғирландими?” дейишиб, қўлларида бор Бани Мусталақ асирларини озод қилиб юбордилар. Озод бўлганлар сони юз хонадонга етарди. Бунга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам ўша қавмнинг бошлиғининг қизига уйланганлари сабаб бўлди”.

2) Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам Саййида Сафиййа бинт Ҳуйай ибн Ахтабга уйланишлари ҳам шунга ўхшаш бўлди. У Хайбар жангида эри ўлдирилганидан кейин асир тушиб қолган эди. у мусулмонларнинг баъзига улуш сифатида тушди. Фикрли ва маслаҳатдон одамлар: “Бу Бани Қурайзанинг саййидаси бўлса, у фақат Расулуллоҳга соллаллоҳу алайҳи ва саллам лойиқ келади” дедилар ва мукаррам Пайғамбарга бу ишни арз қилдилар. Шунда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам уни чақирдилар ва унга икки ишдан бирини танлаш ихтиёрини бердилар:

1) У озод қилинади ва Расулуллоҳга соллаллоҳу алайҳи ва саллам турмушга чиқиб, ул зотга завжа бўлади;

2) Уни очиқликка чиқарилади, у оиласига кетаверади.

Сафиййанинг ўзи озод бўлишни ва ул зотга завжа бўлишни ихтиёр қилди. У Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам қадри буюклиги, улуғлиги ва муомаласи чиройлилигидан шунга рози бўлган эди. У мусулмон бўлди ва унинг мусулмонлиги сабабли одамлардан бир қанчаси ҳам исломга кирдилар.

Ривоят қилишларича, Сафиййа (р.а.) Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам олдиларига кирганида, унга қарата Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Отанг менга нисбатан яҳудийлар ичида энг ашаддий душман бўлиб ўтди, ҳатто Аллоҳнинг ўзи уни ўлдирди….” дегандилар. У: “Эй, Аллоҳнинг элчиси! Аллоҳ ўз китобида: “(Қиёмат кунида) ҳеч бир кўтарувчи (гуноҳкор) ўзга (инсон)нинг юкини (гуноҳини) кўтармас…” (Фотир сураси, 18-оят) деган-ку?!” деди. Мукаррам Пайғамбар унга дедилар: “Ўзинг танла, исломни танласанг, ўзим учун сени сақлаб қоламан. Агар яҳудийликни ихтиёр қилсанг, сени озод қилиб юбораман, қавмингга бори етасан”. У: “Эй, Расулуллоҳ! Мен исломни ёқтириб қолдим, мен сизни мени оилангизга таклиф қилишингиздан аввалроқ тасдиқ қилганман. Яҳудийликка менинг хоҳишим йўқ, ватанимда болам ҳам, ака-укам ҳам йўқ. Менга куфр ва исломни танлаш ихтиёрини бердингиз. Озодлик ва қавмимга кетишдан кўра менга Аллоҳ ва унинг расули севимлироқ!”, деди. Шундан сўнг Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам уни ўзи учун ушлаб қолдилар.

3) Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам Саййида Умму Ҳабиба – Рамла бинт Абу Суфёнга уйланишлари ҳам шунга ўхшаш эди. Бу вақтда Абу Суфён шикр байроғини кўтарувчиси ва Расулуллоҳга соллаллоҳу алайҳи ва саллам душманларнинг энг ашаддийси эди. унинг қизи Маккада мусулмон бўлган, сўнг ўз эри билан бирга дини сабабли Ҳабашистонга қочиб кетган эди. Ўша ерда эри вафот қилди. У бир ўзи ёлғиз қолди, ёрдамчиси ҳам, меҳрбони ҳам йўқ эди. унинг ишини мукаррам Пайғамбар билганидан сўнг Ҳабашистон подшоҳи – Нажошийга мактуб йўллаб, уни ўзига уйлаб қўйишни сўрадилар. Нажоший бу хабарни унга етказганида, у шундай хурсанд бўлдики, унинг миқдорини фақат Аллоҳ субҳонаҳу билади. Чунки, у отаси ёнига ёки қавму қариндошлари олдига қайтадиган бўлса, улар уни куфр келтириш ва муртад бўлишга зўрлар эдилар ёки уни қаттиқ азоблардилар. Унинг учун нафис ҳадиялар билан бирга тўрт юз динор қалин берилди. Мадинаи мунавварга қайтганида, Пайғамбар Мустафо алайҳиссалоту вассалом унга уйланган эдилар.

Хабар Абу Суфёнга етиб келганида, ушбу никоҳга рози эканини билдирди ва “Бу эркакнинг бурни ушланмасин!” деди. У Пайғамбар билан фахрланган ва унинг қизига етнглигини инкор қилмаганди. Бу Аллоҳ таоло уни исломга ҳидоят қилгунча жавом қилди.

Шу ерда бизга Пайғамбар алайҳиссаломнинг Абу Суфённинг қизига уйланишларидаги буюк ҳикмат маълум бўлади. Бу уйланиш ўзидан ва мусулмон саҳобалардан озорни енгиллатиш истаги эди. Хусусан, насаб ва қариндошлик ораларида пайдо бўлганидан кейин бу нарса яққол сезилди. Чунки, Абу Суфён бу вақтда Расулуллоҳга хусумат қилишда Бани Умаййанинг энг ашаддийси, ул зотга ва мусулмонларга энг қаттиқ душман эди. Ул зот унинг қизига уйланишлари қалбининг юмшашига, қавми ва уруғининг қалби мойил бўлишга сабаб бўлди. Чунончи, Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам ҳам Умму Ҳабибани ўзига танлаганлари унинг имонларига бўлган икром эди. Чунки, у ўз диёридан дини учун қочиб чиққанди. Демак, бу қандай ҳам сиёсий икром бўлди, нақадар яхши ҳикмат бўлди!

Пайғамбарнинг кўп хотин олишларининг ҳикмати борасида гапирар эканмиз, ҳозирда мўъминларнинг покиза оналари ҳақида гапириб ўтамиз. Аллоҳ таоло улардан рози бўлсин. Аллоҳ ўз ҳабиби Мустафо соллаллоҳу алайҳи ва саллам учун уларни тенлаб берган ва ушбу улуғ шараф – пайғамбарлар саййидига мансуб бўлиш шарафи билан сийлаган. Аллоҳ уларни хотинларнинг энг тозаси қилиб танлади, уларга эҳтиром кўрсатиш ва таъзим бажо айлаш учун уларни мўъминларнинг оналари қилди. Бу Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам уларга уйланишлари сабабидан эди. Ул зотнинг вафотларидан кейин ҳам пайғамбарнинг ҳурматидан шундай бўлиб қолди. Чунончи, айтувчиларнинг энг содиқроғи (Аллоҳ) бундай деган: “Пайғамбар мўминларга ўзларидан ҳам ҳақлироқдир, унинг хотинлари эса уларнинг оналаридир” (Аҳзоб сураси, 6-оят).

Аллоҳ яна бундай деган: “Сизлар учун Аллоҳнинг пайғамбарига озор бериш ва ундан кейин аёлларига уйланишингиз асло мумкин эмасдирю Чунки, бу Аллоҳ наздида улкан (гуноҳ)дир” (Аҳзоб сураси, 53-оят).

Аллома Қуртубий ўзининг “ал-Жомеъ ли-аҳком ал-Қуръон” номли китобида бундай деган. Унинг матни қуйидагича: “Аллоҳ таоло пайғамбари соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг хотинларини мўъминларнинг оналари қилиб қўйиб шарафлади. Яъни, бу уларга таъзим қилишнинг вожиблиги, яхшилик қилиш ва улуғлаш лозимлиги, одамларга уларни никоҳлаб олишнинг ҳаром қилинганида кўринади. Бу нарса Пайғамбарини икром қилиш ва уларни шарафлаш бўлиб қолди…”.

Мукаррам Пайғамбар уйланган мўъминларнинг оналарининг сони ўн нафардан ортади. Уларнинг номлари қуйидагичадир:

1. Саййида Хадижа бинт Хувайлид разийаллоҳу анҳо;

2. Саййида Савда бинт Замъа разийаллоҳу анҳо;

3. Саййида Ойша бинт Аби Бакр ас-Сиддиқ разийаллоҳу анҳо;

4. Саййида Ҳафса бинт Умар разийаллоҳу анҳо;

5. Саййида Зайнаб бинт Жаҳш ал-Асадиййа разийаллоҳу анҳо;

6. Саййида Зайнаб бинт Хузайма разийаллоҳу анҳо;

7. Саййида Умму Салама – Ҳинд бинт Аби Умаййа ал-Махзумиййа разийаллоҳу анҳо;

8. Саййида Умму Ҳабиба – Рамла бинт Аби Суфён разийаллоҳу анҳо;

9. Саййида Маймуна бинт ал-Ҳорис ал-Ҳилолиййа разийаллоҳу анҳо;

10. Саййида Жувайриййа бинт ал-Ҳорис разийаллоҳу анҳо;

11. Саййида Сафиййа бинт Ҳуййай бинт Ахтаб разийаллоҳу анҳо.

1. Саййида Хадижа бинт Хувайлид

У Пайғамбар алайҳиссаломнинг аввалги хотинлари эди. Мукаррам Пайғамбар унга пайғамбар бўлишларидан аввал – йигирма беш ёшларида уйланганлар. Бу пайтда у қирқ ёшларидаги бева бўлган.

У аввалига Абу Ҳола ибн Зароранинг хотини эди. Сўнг уни Абу Ҳоладан Атиқ ибн Оиз мерос қилиб олди. Кейин унга, “ал-Исоба”да келтирилганидек, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам эга чиқдилар. Расулуллоҳ солавотуллоҳ алайҳи унинг фикри тўғрилиги, заковатининг комиллиги учун уни танлаган эдилар. Бу уйланиш ҳикматли, муваффақиятли турмуш бўлган эди. Чунки, у ақлнинг ақлга уйланиши эди. Турмуш қуриш йўлида кўндаланг бўладиган иш – икковлари орасидаги ёшнинг фарқи ҳам билинмади. Зотан, унда мақсад ва шаҳватни ҳосил қилиш мақсади бўлмаган, у инсоний буюк мақсад эди. Аллоҳнинг расули бўлмиш Муҳаммадни Аллоҳнинг ўзи рисолат ва даъват қийинчиликларини кўтаришга тайёрлади. Аллоҳ таоло ул зот учун ушбу тақводор, покиза, оқила, зийрак аёлни даъватни етказиш ва рисолатни ёйишда бўлиб ўтадиган ишларда ёрдам бериши учун танлаб олганди. У аёллар орасида биринчи имон келтирган.

Унинг ақлининг қуввати ва фикрининг ўткирлигига шоҳидлик берадиган нарса шуки, Пайғамбар алайҳиссаломга Жаброил келган вақтда бўлиб ўтди. У зоти шариф Ҳиро ғорида эди. У уйларига қайтар экан, қалби ваҳимадан қалтирар, уйга кира солиб, “Мени ўраб қўйинглар, мени ўраб қўйинглар!” деган. Қалтироқ кетганидан сўнг, бўлиб ўтган гапни Хадижага айтиб бердилар. Унга: “Мен ўзимдан қўрқиб қолдим” дедилар. Унга Хадижа: “Хурсанд бўлаверинг! Аллоҳга қасамки, Аллоҳ сизни ҳеч қачон хор қилмайди. Сиз қариндошларга меҳрбонлик қиласиз, тўғрисўз ва меҳмондўст инсонсиз, машаққатларни енгиб ўтасиз, йўқликда касбу кор қилгансиз, ҳақиқат тарафига ёрдам берасиз…” деган. Бу икки “Саҳиҳ” тўпламда келтирилган ҳадисдир.

Пайғамбар ёшлигининг энг гуллаган даврини Хадижа билан ўтказди, унинг устига хотин олмади. Уни севганчалик ҳеч кимни севгани ҳам йўқ. Кейинчалик Саййида Ойша мана шундан рашк қиларди, ҳолбуки, у Хадижа билан бирга бўлмаган, уни кўрмаган эди. Ҳатто бир куни Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам Хадижани эсаган вақтида бундай дейишга ҳам журъат қилганди: “Ўтган замонда қолиб кетган бир кампирга шунчаликми?! Ахир, Аллоҳ сизга ундан кўра яхшироғини берган-ку!” деб, ўзини назарда тутиб айтган эди. Бу гапдан Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам ғазабландилар. “Йўқ! Аллоҳга қасамки, Аллоҳ ундан кўра яхшироғига алмаштирган эмас! У одамлар куфр келтирганида менга имон келтирди, одамлар мени ёлғончига чиқарганларида, у мени тўғрисўзсиз деб тасдиқлади. Одамлар мени маҳрум қўйганларида, ўз моли билан у мени қувватлади. Аллоҳ бошқа хотинларим билан эмас, фақат у орқали мени фарзанд билан сийлади”, дедилар. Ойша (р.а.) айтадилар: “Шундан сўнг уни ҳеч қачон ёмонлик билан эсламадим”.

Икки шайх (Бухорий ва Муслим) Ойшадан (р.а.) ривоят қилишларича, у бундай деган: “Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг хотинларидан ҳеч кимни Хадижачалик рашк қилганим йўқ! Мен уни кўрмаганман, лекин Пайғамбар уни кўп эслар эдилар. Қўй сўйсалар, ундан Хадижанинг дугоналарига юборар эдилар. Бир марта: “Дунёда Хадижадан бошқа хотин йўқми?” деганимда, ул зот Хадижа мана шундай, мана шундай эди, деб мақтадилар ва ундан менинг фарзандим бор, дегандилар”.

Хадижа (р.а.) пайғамбар билан бирга йигирма беш йил яшаган, шундан ўн беши йили пайғамбарликдан олдин, ўн йили кейин эди. Бу муддатда мукаррам Пайғамбар унинг устига хотин олмадилар. Ул зотнинг Иброҳимдан бошқа жами фарзандлари ундан бўлганди. У рози бўлувчи ва рози қилинган ҳолда Аллоҳнинг раҳматига борганида Пайғамбарнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам умрлари элликка етганди. Ул зотнинг олдида ундан бошқа аёл бўлмаган, унинг вафотидан кейингина биз зикр қилган айрим ҳукмлар бўлгани боис хотинларини кўпайтирганлар. Хадижадан Аллоҳ таоло рози бўлсин ва рози қилсин, унинг маскани ва маъвосини жаннатдан қилсин!

2. Саййида Савда бинт Замъа

Пайғамбар алайҳиссалом Хадижа вафотидан кейин унга уйланганлар. У Сакрон ибн Амр ал-Ансорийнинг беваси эди. Унга уйланишнинг ҳикмати шундаки, унинг ёши Расулуллоҳдан соллаллоҳу алайҳи ва саллам каттароқ бўлган. У муҳожир мўъминалардан эди. Эри иккинчи марта Ҳабашистон ҳижратидан қайтганидан сўнг вафот этади. Битта ўзи қолади, на бир суянчиғи ва на бир ёрдамчиси бор эди. Агар эрининг вафотидан сўнг қариндош-уруғларига қайтганида эди, уни ширкка мажбурлардилар, исломга қизиқиб қолгани учун унга қаттиқ азоб берардилар. Уни кафолатга олишни Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам ихтиёр қилдилар ва унга уйландилар. Бу унинг учун ниҳоят даражадаги яхшилик ва икром қилиш бўлди, унинг Аллоҳ ва расулига бўлган имони ва ихлосининг тўғри бўлишига сабаб бўлди.

Агар Пайғамбарнинг мақсади, туҳматчи шарқшунослар ўйлаганидек, шаҳват бўлганида эди, уни умри эллик бешдан ўтган қари беванинг ўрнига диркиллаб турган ёш бокирага алиштирган бўларди. Лекин Пайғамбар алайҳиссалом мардликда, жасорат ва мурувватда энг олий ўрнакдирлар! Унинг мақсади Савдани ҳимоя қилиш, кафолати остида қолганида унинг риоясини қилиш бўлган! Ул зотга раҳмат ва саломлар бўлсин!

3. Саййида Ойша бинт Абу Бакр ас-Сиддиқ

Пайғамбар алайҳиссалом унга бокира ҳолида уйланганлар. У покиза хотинлари орасида ёлғиз бўлиб, ундан бошқа бокирага уйланмаганлар. Ойша мўъминлар оналарининг энг заковатлиси, энг ҳофизаси ўткири бўлган. Кўпгина эркаклардан билимдонроқ эди. Шунинг учун гоҳида саҳобалардан улуғ олимларидан кўпчилиги ундан ўзларига мушкиллик туғдирган ҳукмлардан айримларини сўрардилар, у эса уларга ҳал қилиб берарди.

Абу Мусо ал-Ашъарий разийаллоҳу анҳудан ривоят қилинганки, у бундай деган: “Расулуллоҳнинг соллаллоҳу алайҳи ва саллам саҳобалари бўлмиш бизларга ҳадис борасида бирорта мушкуллик туғдирадиган бўлса, уни Ойшадан сўрардик. Унинг олдида эса бу борада албатта бирор илм топардик”.

Абу-з-Зуҳо Масруқдан ривоят қилиб айтади: “Расулуллоҳнинг ёши улуғ, машойих бўлган саҳобаларини ойшадан мерос тақсимотига оид масалаларни сўраётганини кўрганман”.

Урва ибн аз-Зубайр айтади: “Тиббиёт, фиқҳ ва шеър борасида Ойшадан кўра билимлироқ аёлни кўрмаганман”.

Бу борада ҳадис китоблари унинг ўткир олимлигига гувоҳлик бериши ажабланарли эмас. “Саҳиҳ” тўпламларида икки шахсдан бошқа бирорта эркак ундан кўпроқ ҳадис ривоят қилган эмас. Бу икки шахс Абу Ҳурайра ва Абдуллоҳ ибн Умар разийаллоҳу анҳумо.

Пайғамбар алайҳиссалом Ойшани бошқа хотинларидан кўра яхшироқ кўрардилар. Тақсимлашда эса улар орасида адолат қилардилар ва “Эй, Аллоҳим! Бу мен эгалик қилган нарсанинг мени тақсимлашимдир, эгалик қилмаган нарсам (муҳаббат)да мени маломат қилма!” дердилар.

“Танлаш” ояти нозил қилинганда, Ойшанинг олдига келиб, унга: “Сенга бир ишни эслатиб қўймоқчиман. Ота-онангга буюргунча, шошилиб юрма!” дедилар. У эса: “Маълумки, отажоним менга ажралишни буюрмайдилар” деди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга ушбу оятни қироат қилиб бердилар: “Эй, Пайғамбар! Хотинларингизга айтинг: “Агар сизлар дунё ҳаётини ва унинг зебу зийнатларини истайдиган бўлсангиз, у ҳолда келингиз, мен сизларни (ўша нарсалар билан) баҳраманд қилай ва яхшилаб кузатай (талоқ қилай)” (Аҳзоб сураси, 28-оят). У: “Бу борада ота-онамга айтайми? Мен Аллоҳни, унинг расулини ва охират жойини танладим!” деди. Пайғамбарнинг Абу Бакр Сиддиқ билан қудачилиги энг улуғ миннатдорлик ва ушбу дунё ҳаётида унга мукофот бўлган эди. Чунончи, бу турмуш покиза суннатни, эр-хотинлик фазилатларини, шариати ҳукмларини, хусусан, хотинларга тааллуқли ҳукмларни ёйиш учун гўзал восита ҳам бўлган. Таълимий ҳикмат баёнида буларни баён қилган эдик.

4. Саййида Ҳафса бинт Умар

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга бева ҳолида уйланганлар. Унинг эри Хунайс ибн Ҳузофа ал-Ансорий бўлган. У чиройли синовга йўлиққанидан сўнг Бадр жангида шаҳид бўлган. У ботир қаҳрамонлардан бўлиб, унинг қҳрамонлиги, мардлиги ва жанговарлиги борасида тарих ўз саҳифаларини безаган.

Ҳафсани отаси Умар разийаллоҳу анҳу хотини Пайғамбар алайҳиссаломнинг қизи Руқиййа вафот қилганида Усмонга таклиф қилган. Кейинчалик Пайғамбар алайҳиссалом унга уйланганлар. Бу эса унинг отаси Умар ибн ал-Хаттоб учун буюк икром, миннатдорлик ва эҳсон бўлди.

Имом Бухорий Абдуллоҳ ибн Умар разийаллоҳу анҳумодан ривоят қилиб, ҳадис чиқарган: Умар қизи Ҳафсанинг эри Хунайс ибн Ҳузофа Бадрда – Мадинада шаҳид бўлганидан сўнг қизини уйига келтирган вақтда, Усмонга учрашди ва “Хоҳласанг, Ҳафсани сенга никоҳлаб бераман” деди. У: “Ишимни қараб кўраман! (Ўйланиб кўрай!)” деди ва бир неча кунлар жимиб кетди ҳамда “Менга аниқ бўлди, мен уйланолмас эканман” деб жавоб берди. Умар айтади: “Абу Бакрга: “Агар хоҳласанг, сенга Ҳафсани никоҳлаб бераман” дедим у эса жим турди-да, “Усмон мендан кўра унга муносиброқ эди-ку!?” деди. У ҳам бир неча кун жимиб кетди. Кейин унга Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам совчи қўйдилар, мен уни ул зотга турмушга бердим. Абу Бакр менга йўлиқиб қолди, шунда у: “Сен менга Ҳафсани таклиф қилганингда, унга жавоб бермаганим учун бирор нарсалар деб ўйлаб юрган бўлсанг керак?” деди. Мен унга “Ҳа!” деб жавоб бердим. У деди: “Сенга жавоб айтишим мумкин эди. Бироқ, Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам уни эслаганини билиб қолган эдим. Унинг сирини ошкор қилганим йўқ. Агар тарк қилса, Ҳафсани қабул қилардим”.

Умарнинг феълида кўрилган бу иш ҳақиқий мардлик эди, балки бу тўғри инсонийликдир. Аллоҳ ундан рози бўлсин ва уни рози қилсин!

У номусини сақлашни хоҳлаган эди, қизини яхши инсон бўлмиш тенггига таклиф қилишда ўзининг қадрини ерга уришни кўрган эмас. Зотан, ушбу турмуш фазилатли жамоа учун гўзал восита эди. Бугунги кунда мусулмонларнинг жаҳолатидан ислом ҳукмлари ва унинг оппоқ жамоли қайда қолди?! Қизларини юксак сарватга эга, мол-дун си кўп совчи келгунча қари қиз ҳолда қўйиб қўяверадилар.

5. Саййида Зайнаб бинт Хузайма

Пайғамбар алайҳиссалом унга Ҳафса бинт Умардан кейин уйланганлар. У етакчи қаҳрамон, ислом шаҳиди Убайда ибн ал-Ҳорис ибн Абдулмутталибнинг беваси эди. Аллоҳ ундан рози бўлсин ва уни рози қилсин. У аввалги кураш Бадр жангида шаҳид бўлган. Эри шаҳид бўлиш асносида ўзининг бурчини бажарди: унинг жароҳатларини тозалаб, боғлашга киришди. Шунга машғул бўлар экан, эри шаҳидликка юз тутди. Аллоҳ мушриклар билан бўлиб ўтган аввалги курашда мўъминларга ғалабани ёзди. Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам унинг сабрини, саботини, ҳаракатчанлигини билдилар. Бу ерда қайтмасданоқ унга оғиз солишшга ва ўз паноҳига олишга унинг хотирасининг ҳурмати тўсди. Никоҳ ғалаба ва ёрдам билан қайтиб келганларидан сўнг бўлиб ўтган.

Фазилатли шайх Муҳаммад Маҳмуд ас-Саввоф ўзининг “Пайғамбарнинг покиза завжалари” номли рисоласида Зайнабнинг эри шаҳид бўлганлиги ва бу борадаги олийлик ва улуғлик борасида сўз юритганидан сўнг бундай деб ёзиб қолдирган: “Зайнабнинг умри Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга уйланган вақтда олтмишга етган эди. Мукаррам Пайғамбар билан икки йил ҳам яшамади, Аллоҳ уни рози бўлган ва рози қилган ҳолди вафот қилдирди. Ушбу шарофатли эр-хотинлик борасида ва буюк ғояси ҳақида туҳматчиларнинг фикри нима экан?! Унда бўҳтончиларнинг бўҳтон қилган нарсани топа оладиларми?! Унда шаҳват ва нафси ҳаво таъсирини топа оладиларми?! Ёки бу буюк инсоний пайғамбардан бўлган қаҳрамонлик, иффат, улуғлик, марҳамат, фазилат ва эҳсон эмасми?! Ахир, у оламларга раҳмат бўлиб келган!

Ғаразли мақсадга эга мусташриқлар Аллоҳдан қўрқса бўларди, илмий омонатни адо қилиб, унга хиёнат қилмасалар бўларди! Ниҳоятда йўл билан шарқни ўрганмоқдалар, исломий илмларни дарс қилмоқдалар. Айниқса, инсониятнинг саййиди Муҳаммад алайҳиссалом борасида бузуқ, маккорона ва кескин йўл тутдилар.

6. Саййида Зайнаб бинт Жаҳш

Пайғамбар алайҳиссалом унга бева ҳолида уйланган эдилар. У аммаларининг қизи эди. унга Зайд ибн Ҳориса уйланган, кейин талоқ қилган эди. Шунда унга Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам ҳеч бир завжаларига уйланишда бўлган ҳикматдан кўра устунроқ бир ҳикмат борлиги учун уйландилар. У, қонуний-шаръий ҳикматни зикр қилган вақтда айтганимиздек, фарзанд қилиб олиш бидъатини бекор қилишдир.

Шу ерда баъзи бир маккор мусташриқлардан иборат ғаразгўйларга ва уларнинг хоин малайларига, ислом ҳамда исломнинг пайғамбарига адоват билан қаровчиларга маъқул келадиган нарса бор. Улар мукаррам Пайғамбарнинг Зайнабга уйланишлари қиссасидан бўлмағур нарсаларга ўралган пок, закий пайғамбарга таъна ва маломат топгандек бўладилар. Исроилийлар тўқиган ривоятлар бунга сабаб бўлган, улар айрим тафсирларда ҳам зикр қилинган.

Уларнинг ўйлашлари – нақадар ёмон гумондир! Пайғамбар алайҳиссалоту вассалом Зайд уйида бўлмаган пайтда уникига борганмишлар. Зайнабни кўриб, ёқтириб қолган, қалбидан жой олган эмиш. “Ажабо, қалбларни ўзгартирувчи зот Ўзингсан, илоҳим!” дебдилар. Зайнаб буни эшитиб, эрикелган вақтда унга воқеани айтиб берибди. Билибдики, Зайнаб ул зотнинг қалбидан жой олибди, шунинг учун Пайғамбар олдига келиб, уни талоқ қилишни истаётганини айтибди. Пйағамбар унга қалбида бошқа нарса бўлса-да, унга оиласи билан бирга бўлишни буюрган эмиш. Зайд эса шундай бўлса-да, Пайғамбар унга уйланиши учун хотинини талоқ қилган эмиш.

Ибн ал-Арабий раҳимаҳуллоҳ ўз тафсири “Аҳком ал-Қуръон”да ушбу жиноятона даъвони рад қилган ҳолда бундай деган: “Уларнинг “Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам Зайнабни кўриб, унинг муҳаббати қалбига ўрнашди” деган гаплари ботилдир. Чунки, доим ва ҳамиша у билан бирга бўлганлар, ораларида ҳижоб ҳам бўлмаган. Қандай қилиб муҳаббат ўсади? Уни ҳар лаҳзада кўриб турсалар, қалбига ҳар муҳаббат тушган эмас. Унинг эри бўлганда эса, уни ўзлари унга уйлантирб қўйганлар-ку! Аввал бўлмаган туйғу қандай қилиб пайдо бўлиб қолади?! Бу покиза қалб бузуқ алоқалардан покдир! Аллоҳ у ҳақида айтади: “Кўзларингизни Биз у (кофирлардан айрим) тоифаларни баҳраманд қилган нарсаларга (уларнинг бойликларига) тикманг! Уларнинг (имонсизликлари) устида ғамгин ҳам бўлманг! Мўминлар учун қанотингизни қуйи тутинг (камтар бўлинг!” (Ҳижр сураси, 88-оят). Муаллиф юқорида айтилган тўқима ривоятларни бирма-бир кўриб чиққан ва уларнинг ҳаммасининг асли йўқ эканини баён қилган.

Фазилатли биродарлар!

Зайнаб тарихига ва унинг Зайдга турмушга чиқишлари атрофидаги қиссага кенгроқ назар солинса, Зайд билан Зайнабнинг орасидаги турмуш ёмон бўлганлиги имон келтирамиз. Уларнинг орасидаги келишмовчилик ижтимоий ҳолатдаги очиқдан-очиқ бўладиган келишмовчилик эди. Зайнаб оқсуяк, Зайд эса кечаги қул эди. Аллоҳ уни имтиҳон қилиб, Зайдга турмушга чиқариб, олдинги уруғчилик ва жоҳилона шараф асосида бузушни хоҳлаган. Ислом шарафни дин ва тақвода қилди. Пайғамбар Зайнабни Зайдга турмушга чиқишини таклиф қилганида, у ўз шарафи ва насаби сабабли ор-номуси қўзғалиб кетди ва бу турмушга унамади. Бироқ, Аллоҳ таоло ушбу оятни нозил қилди: “Аллоҳ ва Унинг пайғамбари бир ишни ҳукм қилганда – ҳеч бир мўмин ва мўминага (уни бажариш ёки бажармаслик) ишларида ихтиёр бўлиши мумкин эмасдир. Кимки Аллоҳ ва Унинг пайғамбарига итоатсизлик қилса, бас, у аниқ залолат билан йўлдан озибди” (Аҳзоб сураси, 36-оят).

Зайнаб Пайғамбар буйруғига бўйсинишга мажбур бўлди ва Зайдга баданини топширди, руҳини топширгани йўқ. Бунинг орқасида алам ва сқилиш бор эди.

Муҳаммад соллаллоҳу алайҳи ва саллам Зайнабни болалигидан билар эдилар. Чунки, у аммаларининг қизи эди. Зайнабни олишдан ким ман қиларди?! Инсон қандай қилиб бировга бокира қизни уйланиши учун тақдим қила оларди? Кейн бева ҳолида унга рағбат қила олармиди?!

Дарҳақиқат, улар ақлини ишлатмайдиган қавмдирлар. Улар билмаган нарсалари борасида сўзлашни ётирадилар, Пайғамбар тўғрисида ёлғон ва туҳмат, бўҳтон ва залолат гапларни айтадилар. Уларнинг бундай дейишларига ҳам бир қаранг: “Муҳаммад Зайнабга бўлган севгисини яширгани учун маломат қилнди…”. бу бўҳтонни ақлли кимса айтадими?! Қўшнисининг хотинига нисбатан бўлган севгисини ошкора қилмагани боис инсон ҳам айбланадими?! Бу катта бўҳтондан ўзинг асра!

Ояти кариманинг ўзида барча очиқликлари ва жами равшанликлари билан бу ҳақида айтиб ўтилган. Ояти каримада зикр қилинишича, Аллоҳ Пайғамбари яширган нарсани ошкор қилади: “Аллоҳ ошкор қилувчи бўлган нарсани ичингизда яширган эдингиз…” (Аҳзоб сураси, 37-оят). Аллоҳ таоло нимани ошкор қилмоқчи бўлган? Пайғамбарнинг Зайнабга бўлган севгиси ва ишқини ошкор қилмоқчими? Йўқ, йўқ! Асло, ундай эмас! Аллоҳ таоло ўз пайғамбар алайҳиссаломнинг фарзанд тутиш ҳукмини бекор қилиш учун унга уйланиш кераклиги ҳақидаги Аллоҳнинг амрини қилиш лозимлигини яшириб юрганини ошкор қилган. Лекин, Пайғамбар алайҳиссалом мунофиқларнинг тилидан қўққан эди, уларнинг “Муҳаммад ўз ўғлининг хотинига – келинига уйланди” деган гап-сўздан қўрққан. Мана шуни Борий жалла ва ъало очиқ айтиб, Пайғамбар яширган нарсани кўрсатиб берган: “Бас, Зайд ундан (Зайнабдан) ҳожатини адо этгач (уни талоқ қилгач), Биз Сизни унга уйлантирдик. Токи мўминларга асранди болалари ўз хотинларидан ҳожатларини адо этишгач (талоқ қилишгач), уларга (уйланишларида) қийинчилик бўлмаслиги учун (шундай қилдик). Аллоҳнинг амри бажарилувчидир” (Аҳзоб сураси, 37-оят).

Ана шундай пайғамбарларнинг саййиди бўлмиш зотнинг маъсумлиги, унинг тозалиги ва поклигига далолат қилувчи рад этиб бўлмайдиган далиллар ва аниқ-равшан ҳужжатлар олдида ёлғончи-туҳматчиларнинг ғаразгўй иғвогарлар тўқиб чиқарган гумонлари бекор бўлади.

7. Саййида Умму Салама Ҳинд ал-Махзумиййа

Мукаррам Пайғамбар Умму Саламага у Абдуллоҳ ибн Абдуласаднинг беваси ҳолида уйланганлар. Унинг эри исломга илк кирганлардан эди ва Ҳабашистонга ҳам ҳижрат қилган. Хотини у билан бирга дини сабабли қочиб чиққан эди. ўша аснода у Салама деган ўғил туғган. Унинг эри Уҳуд жангида шаҳид кетди. У эса тўртта етими билан боқувчисиз, ёрдамчисиз қолаверди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга уйланишдан ўзга таъзия, ўзи ва болалари учун кафил кўрганлари йўқ. Унга Пайғамбар алайҳиссалом совчи қўйганларида, у узр сўради ва “Мен қари кампирман, етимларнинг онасиман, ўзим эса ўта рашкчиман” деди. Пайғамбар алайҳиссалом унга бундай деб жавоб йўлладилар: “Етимларингни ўзим қучоғимга оламан, Аллоҳ қалбингдан рашкни кетказишни сўрайман” дедилар ва ёшларига парво ҳам қилмадилар. Пайғамбар алайҳиссалом Умму Салама кўнганларидан кейин унга уйландилар ва етимлари тарбиясига киришдилар. Улар учун қалбини катта тутдиларки, оталар йўқлигини сезмадилар ҳам. Чунки, уларга ўз оталари ўрнига марҳаматлироқ отани алмаштирилган эди. Аллоҳнинг раҳмати ва саломи ул зотга бўлсин!

Мўъминларнинг ушбу онасида улуғ насаб, мукаррам уй, исломга илк қирганлик жам бўлган эди. Унинг яна бошқача фазилати ҳам бор бўлган. У фикри ўткир аёл эди. Бунга Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам мусулмонлар ишида ғам чекиб, маҳзун бўлиб турган маҳалда унга ишора қилганларининг ўзи кифоя қилса керак. Бу воқеа Ҳудайбия сулҳида бўлиб ўтган. Мусулмонлар мушриклар билан тузилган ушбу сулҳдан ниҳоят даражада таъсирланган эдилар. Бўлиб ўтган шартларга биноан ўн йил давомида урушни тарк қилишга келишгандилар. Буюкликлари авжга чиққан пайтда мусулмонлар ўз ҳуқуқларида чекланиш бўлганини кўргандилар. Бу туйғунинг таъсири шу бўлдики, улар Пайғамбар буйруғини ҳам бажаришга дангасалик қилиб қолдилар. Уларга сочларини олдириб ёки қисартириб, Мадинаи мунавварга қайтишга буюргандилар. Ул зотнинг амрига ҳеч ким киришай демасди. Пайғамбар алайҳиссалом завжалари Умму Саламанинг олдига кирганларида, унга: “Одамлар ҳалок бўлди, улурга бир нарса буюрсам, буйсинай демаяптилар” дедилар. Умму Салама (р.а.) ул зотга ишнинг осонини кўрсатдилар: ул зотга уларнинг олдига чиқиб, улар олдида сочларини олишга ишора қилди. Шунда улар иложсиз эргашишлари аниқ эканини ҳам айтиб ўтди. Чунки, улар шундагина бу иш қатъий эканини, у борада иккиланиш мумкин эмаслигини биладилар, деди. Худди шундай бўлди. Пайғамбар алайҳиссалом чиқиб, сартарошга сочини олиб қўйишни буюрдилар. Ҳатто саҳобалар ул зотга эргашиш борасида мусобақа қила бошладилар. Аллоҳнинг раҳмати ул зотга бўлсин! Саҳобалар сочларини олдириб, эҳромдан чиқа бошлаганлар. Бу мўъминлар онаси Умму Салама разийаллоҳу анҳонинг маслаҳати билан бўлган эди. Аллоҳ уни рози қилсин!

8. Саййида Умму Ҳабиба Рамла бинт Аби Суфён

Ҳижратнинг еттинчи йилида мукаррам Пайғамбар Саййида Умму Ҳабиба разийаллоҳу анҳога уйланганлар. У Убайдуллоҳ ибн Жаҳшнинг беваси бўлган, эри Ҳабашистон ўлкасида вафот қилган. уни Нажоший Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам учун никоҳлаган ва маҳрига тўрт минг дирҳам берган эди. Уни Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам олдиларига Шураҳбил ибн Ҳасана билан бирга жўнатганди. Пайғамбарнинг унга уйланишларида мавжуд бўлган ҳикматни айтиб ўтилди.

9. Саййида Жувайриййа бинт ал-Ҳорис

Мукаррам Пайғамбар Бани Мусталақнинг раҳбари Саййида Жувайриййа бинт ал-Ҳорис ибн Зирорга уйланганлар. У Мурайсеъ кунидаги жангда ўлдирилган Мусофеъ ибн Сафвоннинг беваси бўлган. Бу аёл мусулмонлар қўлига асир тушган. Эри эса исломнинг энг ашаддий душманларидан, Пайғамбарга хусумати энг кўпи эди. мукаррам Пайғамбарнинг унга уйланишлари борасидаги ҳикматни олдинроқ айтиб ўтган эдик.

Шунингдек, Сафиййа бинт Ҳуйай ибн Ахтаб ҳақидаги гап сиёсий ҳикмат ҳақидаги мавзуда ўтган.

10. Саййида Маймуна бинт ал-Ҳорис ал-Ҳилолиййа

Унинг асли исми Барра бўлиб, Пайғамбар алайҳиссалом уни Маймунага ўзгартирганлар. У Пайғамбарнинг охирги завжаларидир. Аллоҳнинг саломи унга бўлсин! У ҳақида Ойша (р.а.): “У бизларнинг орамизда Аллоҳга энг тақводорроғи, қариндошларга барди-келдиси кўпроғи эди”, деган. У Абу Раҳм ибн Абдулуззонинг беваси бўлган. Айтишларича, Аббос разийаллоҳу анҳу ҳам унга рағбат билдириб, совчи қўйган. Пайғамбарнинг унга уйланишлари ул зотга ёрдамлашган ва қўллаб-қувватлаганларга нисбатан яхшилик, гўзал силаи раҳим, турмушини ҳурмат қилиш бўлгани махфий эмас.

Муҳтарам азизлар, бу Пайғамбарнинг покиза завжалари – мўъминларнинг оналари ҳақидаги бир лавҳа, холос. Уларни Аллоҳ расулининг суҳбати билан икром қилган, уларни мўъминларнинг оналари айлаган. Аллоҳ жалла ва ъало ўз гапи билан уларга бундай деб хитоб қилган: “Эй, Пайғамбар аёллари! Агар тақводор бўлсангиз, (ўзга) аёлларнинг бирортаси каби эмасдирсиз. Бас, сизлар (номаҳрам эркакларга) майин сўз қилмангиз, акс ҳолда қалбида бузуқлик бўлган кимса (сиздан) тама қилиб қолур. Яхши (тўғри) сўзни сўзлангиз!” (Аҳзоб сураси, 32-оят).

Пайғамбар алайҳиссаломнинг уларга уйланишларида кўпгина ҳикматлар борки, уларга Пайғамбар алайҳиссалом диний ва шаръий маслаҳат юзасидан ривоя қилганлар. Қалбларни бирлаштиришни қасд қилганлар, шунинг натижасида унга қабилаларнинг киборлари ва уруғларнинг улуғлари маҳлиё бўлиб қолдилар. Пайғамбарнинг алайҳиссалом Саййида Ойшадан бошқа барча завжалари бевадирлар. Пайғамбар хотинларини мусулмонлар билан мушриклар орасида урушлар бошланган йилларда – ҳижратдан сўнг кўпайтирганлар. Бу йилларда қатл ва уришлар кўп бўлган. Бу ҳижратнинг иккинчи йилидан бошлаб, то мусулмонларнинг ғалабаси тўлиқ бўлган саккизинчи йилгача давом қилган. Ҳар бир турмушдан бизга Пайғамбарнинг қаҳрамонлиги, унинг мардлиги, мақсадининг буюклиги, эҳсонининг гўзаллиги борасида аниқ далил равшан бўлади. Ёлғончи, туҳматчиларнинг гаплари бунга қарши. Агар Пайғамбарнинг қалбига нафси ҳаво султонлик қилганида эди, ёшлик айёмида бокира қизларга уйланган бўлардилар. Лекин, ана ўша ғарблик мусташриқларнинг қалблари қоп-қора ҳасадга тўлиб кетганки, бу ҳақиқатнинг ёрқин зиёсини кўришдан уларни кўр қилиб қўйган. Аллоҳ тўғри гапирган: “Йўқ, (Биз) Ҳақ (Қуръон)ни ботил (жаҳолат)нинг устига ташлаймиз, бас, уни эзиб юборгач, бехос (ботил) йўқ бўлур. Сизларга эса (эй, мушриклар! Аллоҳнинг бундай) сифатлаганингиз сабабли ҳолингизга вой!” (Анбиё сураси, 18-оят).

Аллоҳ таолонинг ёрдами ила тамом бўлди. Охирги дуойимиз “Ҳамду санолар оламлар раббиси Аллоҳ учундир!” деган гапимиздир!

📎📎📎📎📎📎📎📎📎📎